Imom Buxoriy ma’rifatga yetaklaydi

21 iyul kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida “Imom Buxoriy ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida onlayn seminar tashkil etildi.

Ilom olamining yetuk allomasi, buyuk vatandoshimiz tavalludining 1210 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda olimlar, soha mutaxassislari, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining viloyatlardagi bo‘limlari vakillari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Markaz rahbari Sh.Ziyodov bugungi kunda “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida olib borilayotgan ma’naviy targ‘ibot ishlarida buyuk muhaddis ilmiy merosi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.   Seminar qatnashchilari ham keyingi yillarda alloma asarlarini o‘rganish va tadqiq etish borasida amaliy sa’y-harakatlar tufayli bu ma’naviy merosining yangi qirralari ochilayotganini qayd etdilar.

– Birgina markazimiz tomonidan keyingi ikki yilda buyuk muhaddislar va zaminimizdan yetishib chiqqan allomalar hayoti va faoliyati, ular asarlari bilan bog‘liq 50 ga yaqin risola va kitoblar nashr etildi – deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari O.Muhammadiyev. – Bu o‘rinda “Imom Buxoriy”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy ta’rifi”, “Sulosiyotul Buxoriy”, “Birrul volidayn”, “Odobing oftobing” singari kitoblarni alohida qayd etishimiz lozim. Bu asarlarning har biri xalqimizni faqat ezgulikka, ma’rifatga chorlaydi. Buyuk muhaddis merosidan ko‘proq bahramand bo‘lishimizga xizmat qiladi.

Seminarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida alloma merosini o‘rganish va xalqimiz hamda keng jamoatchilikka yetkazish yo‘lida olib borilayotgan ishlar, nashr etilgan kitob va risolalar haqida ma’lumot berildi.