Oliy ta’lim vazirining barcha o‘rinbosarlari ishdan ozod etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ta’lim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari ishdan olingani e’lon qilindi.

–To‘g‘ri, maktabgacha va maktab ta’limida o‘zgarishlar bo‘lyapti, dasturlar ishlayapti, natijalar bor. Lekin kasb-hunar va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar haligacha ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetgani yo‘q, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari – birinchi o‘rinbosar Shoxruh Daliyev, o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov ishdan olingani e’lon qilindi.

Shuningdek, Prezident farmoni va qarori bilan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adxam Xudaykulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev lavozimidan ozod etildi.