“O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ni mukammallashtirish kerak

Adabiy til yozma shaklining me’yorlashuvi, barqaror orfografik ifodalanishi va takomillashuvida imlo qoidalari muhim rol o‘ynaydi. 1995-yil 24-avgustda 82 banddan iborat “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” qabul qilingan va bugungi kungacha o‘zbek tili yozma nutqining imloviy barqarorlashuviga xizmat qilib kelmoqda.
Ammo o‘tgan o‘ttiz yillik davr mobaynida hozirgi o‘zbek adabiy tili bir qator yangi so‘z va istilohlar bilan boyidi, o‘zining tarixiy ildiziga qayta tutashdi, kirill va lotin yozuvining amaldagi qo‘llanilish auditoriyasi aniq chegaralarga taqsimlandi.
2023-yil 1-yanvardan e’tiboran davlat tilining yozma shakli barcha vazirlik, tashkilot, korxona va muassasalarda o‘zbek lotin alifbosida amalga oshirilishi qat’iy belgilab qo‘yildi. Shundan kelib chiqib, amaldagi “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ni yanada mukammallashtirish zarurati ham paydo bo‘ldi. Ularning munozarali o‘rinlari quyidagilardan iborat:
- Unli tovushlar imlosida hozirgi o‘zbek adabiy tiliga singib ketgan o‘zlashma, aniqrog‘i, rus tili va rus tili orqali Yevropa tillaridan kirib kelgan so‘zlar imlosiga chuqurroq to‘xtalib o‘tilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Masalan, o harfi ona, osmon, quyosh, fido, baho, xola, lotin, mukofot, mahorat kabi so‘zlarda orqa qator keng unlini ifodalash uchun yozilishi amaldagi imlo qoidalarida qayd etilgan, ammo o‘zlashma so‘zlar tarkibidagi o unlisi urg‘u olishi yoki olmasligi, shuningdek, urg‘usiz bo‘g‘in tarkibida kelgandagi a, kuchsiz i va urg‘uli bo‘g‘inda o‘ ga monand tarzda talaffuz qilinishiga orfoepik jihatdan baho berilmagan. Vaholanki, har qanday orfografik me’yorlar orfoepiyani chetlab o‘tmasligi zarur. Negaki, so‘z o‘zlashma bo‘lsa-da, uni talaffuz etuvchi artikulyatsion baza – nutq tovushlarini talaffuz qilishdagi nutq a’zolarining holati va harakati majmuyining milliyligini e’tibordan chetda qoldirmaslik zarurati bor. Umumiste’moldagi adabiy tilimizda keng qo‘llaniladigan o‘zlashma so‘zlar tarkibidagi o unlisini orfoepik va orfografik qoidalarga tayanib, uch guruhga quyidagicha taqsimlab keltirish, bizningcha o‘rinli sanaladi:
- a) modal, model, modern, monarx kabi so‘zlardagi o harfi a tarzida, ya’ni old qator, quyi keng unli sifatida talaffuz qilinsa-da, orqa qator keng unli – o tarzida yoziladi, urg‘u olmaydi;
- b) traktor, direktor, rektor, sektor kabi so‘zlarda kuchsiz i, ya’ni old qator, yuqori tor unli sifatida talaffuz qilinsa-da, orqa qator, quyi keng unli – o tarzida yoziladi, urg‘u olmaydi;
- d) nol, tonna, rol kabi so‘zlarda o‘zbek tilidagi o‘ unlisiga yaqin tarzda, ya’ni orqa qator, o‘rta keng unli sifatida talaffuz qilinsa-da, o tarzida yoziladi, birdan ortiq bo‘g‘inli so‘zlar tarkibida kelganda urg‘u oladi.
- Imlo qoidalaridagi ng harflar birikmasiga oid ma’lumotni yanada kengaytirish zarurati mavjud, chunki bu harfiy birikma imlo me’yorlarimizda batafsil izohlanmagan. Mazkur harfiy birikmaga doir quyidagi mulohazalarni keltirish ehtiyoji mavjud:
- a) ko‘ngil(ot), dengiz, singil, tanga(pul), tong; teng, keng, yangi; ming; yengil, keling, bordingiz kabi so‘zlarda bir butunlikdagi til orqa, ovozdor, burun tovushini ifodalash uchun yoziladi;
- b) menga, senga, tanga, tungi, ko‘ngil(fe’l), yongan, tingan kabi so‘zlarda asosning n tovushi bilan tugashi va unga qo‘shilayotgan qo‘shimchaning g tovushi bilan boshlanishi kuzatilgani uchun n va g grafemalari alohida mustaqil tovush sanalib, ng harfiy birikmasi hisoblanmaydi;
- d) gangrena, lingafon, kongress, shtanga, tango, tangens kabi o‘zlashma so‘zlarda bitta ng harfiy birikmasini emas, mustaqil holdagi n va g harflarini ifodalaydi.
- O‘zbek tiliga asosan, arab tilidan o‘zlashgan so‘zlarda ishlatiladigan tutuq belgisi – ’ o‘zbek adabiy tilida uch xil vazifani bajaradi, ammo bu vazifalarning uchinchisi hozirgi imlo qoidamizda aks etmagan:
- a) a’lo, a’zo, ba’zan, ma’no, ma’yus, ra’no, e’lon, ne’mat, she’r, shu’la kabi o‘zlashma so‘zlarda unlidan keyin kelib, shu unlini cho‘zib talaffuz qilishni ifodalaydi;
- b) in’om, san’at, sur’at, tal’at, qat’iy, qit’a, mas’ul, jur’at kabi o‘zlashma so‘zlarda unlidan oldin kelib, shu unlini undoshdan ajratib talaffuz qilishni ifodalaydi;
- d) Is’hoq, mas’h, mus’haf kabi o‘zlashma so‘zlarda yonma-yon kelgan s va h undoshlarining alohida-alohida mustaqil tovush ekanligini ifodalaydi.
- Asos va qo‘shimchalar imlosida ball, metall, kirill, kongress, gramm kabi oxiri bir xil ikkita undosh (qo‘sh undosh) bilan tugagan o‘zlashma so‘zlar imlosi aniq yechim bilan yoritilmagan. Ayrim darsliklarda bunday so‘zlarga oxirgi undosh bilan bir xil bo‘lgan qo‘shimcha qo‘shilsa, bir undosh tushib qolishi va shunday yozilishi ta’kidlangan: ball+lar=ballar, metal+li=metalli, kongress+siz=kongressiz, gramm+mi=grammi kabi, ammo shu leksemalarga ot va otlashgan so‘zlarga qo‘shiluvchi egalik qo‘shimchalari (-im, -imiz, -ing, -ingiz,-i)ning qo‘shilishi holati mavhumligicha qolgan. Natijada aniq me’yorning yo‘qligi tufayli ikki xil variantlilik holatlari kelib chiqmoqda. Bizningcha oxirgi bo‘g‘ini bir xil qo‘sh undosh bilan tugagan o‘zlashma so‘zlar imlosi va talaffuzini ham milliy artikulyatsiyamizga mos tarzda qayta ishlab chiqish mumkin. Bunday so‘zlar uchun bosh va oraliq shakl me’yorini qabul qilish ayni muddaodir. Unga ko‘ra, bosh shakl hech qanday qo‘shimchalarsiz (bunga qo‘shimchalarning belgisiz ishlatilishi holatlari ham kiradi) qo‘llanishi holati: ball, metall, gramm, kongress kabilar taalluqli bo‘lsa, oraliq shakliga esa har qanday qo‘shimchalar bilan shakllanishi mansub bo‘ladi: ballar, balga, baling, metallar, metalga, gramdan kabilar. Natijada bu so‘zlarni jumla tarkibida quyidagicha qo‘llash mumkin: 75,6 ball o‘tish bali hisoblanadi; 100 ballik tizimda 81 balni qo‘lga kiritdi; bir yil davomida jarima ballari 12 balga yetgan haydovchi kamida 6 oyga haydovchilik huquqidan mahrum qilinadi; kimyoviy ishlov berishda 200 gramm rangli metalning 0,02 grami kulga aylandi; bu muammoni milliy kongressiz bitirib bo‘lmaydi, shuning uchun kongresga murojaat qiling.
- Qo‘shib yozish imlosida rang so‘zi yordamida yasalgan qo‘shma sifatlarning qo‘shib yozilishi ta’kidlangan. Shunga asoslanib, jigarrang, kulrang, bug‘doyrang, binafsharang, yalpizrang, feruzarang, osmonrang, muzrang, sopolrang, loyrang so‘zlarini amalda qo‘shib yozamiz, ammo so‘z yasalishi hodisasi jamiyatning nofilolog qatlamiga tanish emasligi inobatga olinmagan, natijada oq rang, qora rang, qizil rang, sariq rang, ko‘k rang, yashil rang, pushti rang kabi birliklarning yozilish me’yori mavhumligicha qolgan. Agar qo‘shma so‘zning dastlabki qismi ot turkumiga mansub bo‘lsa, qo‘shib yozish, sifat turkumiga mansub bo‘lsa, ajratib yozish, shuningdek, ularning biri qo‘shma so‘z, ikkinchisi birikma ekanligiga ahamiyat qaratish zarur.
- Bosh harflar imlosiga doir 73-bandning eslatmasidagi 2-qoida berilishida punktuatsion ishora tire (–) bilan orfografik belgi chiziqcha – defis (-)ni chalkashtirish holati uchraydi:
- O‘zbek kirill alifbosidagi ё, ю, я harflarining lotin yozuvida aks etishini yanada mukammallashtirish, bir xil qoliplantirish zarurati mavjud. Negaki bu tovushlarning ikki xil variantlashuvi ruscha va baynalmilal so‘zlarda namoyon bo‘lib, ularni o‘zbek lotin alifbosidagi yozilishini har xil talqin etishga olib keldi. Buning natijasida oktabr - oktyabr, sentabr - sentyabr, sujet - syujet, stajor -stajyor kabi keraksiz variantdosh so‘zlar paydo bo‘lmoqda. Bu kabi grafik dubletlarning, ayniqsa, maktab darsliklarida aniq yechim bilan berilmasligi o‘quvchilarda darsliklarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishi kuzatilmoqda. Bunday ikki ko‘rinishli harfiy holatlar ruscha va baynalmilal so‘zlarning milliy artikulyatsiyamizga emas, o‘zga til vakillarining artikulyatsiyasiga tayanish zamirida paydo bo‘lgan:
“1. ё, ю, я ikki tovush (y+unli)ni ifodalashga xizmat qilsa, bu harflar o‘rniga yo, yu, ya harflari yoziladi: заём – zayom, юмор – yumor, ядро – yadro, ёмғир – yomg‘ir, ютуқ – yutuq, яхши – yaxshi kabi.
- ё, ю, я harflari o‘zidan oldin kelgan undoshning yumshoq ekanini ko‘rsatishga xizmat qilsa:
1) asosan, ё harfi o‘rniga o harfi, ю harfi o‘rniga u harfi, я harfi o‘rniga a harfi yoziladi: стажёр – stajor, люстра – lustra, фляга – flaga kabi;
2) so‘zning talaffuzi keskin o‘zgarib ketmasligi uchun qisman ё harfi o‘rniga yo harflari, ю harfi o‘rniga yu harflari, я harfi o‘rniga ya harflari yoziladi: актёр – aktyor, бюро – byuro, снаряд – snaryad kabi ”. [4.15-16]
Ko‘rinadiki, o‘zbek kirill alifbosidagi ё, ю, я harflarining o‘zbek lotin yozuvida ikki xil variantlashuvi “o‘zidan oldin kelgan undoshning yumshoq ekanini ko‘rsatishga xizmat qilganligi” holatini inobatga olish natijasida paydo bo‘lgan. Bu qarash o‘zbek tilining milliy imlo qoidalariga begona bo‘lib, o‘zga tillarning, aniqrog‘i, rus tili vakillarining artikulyatsion bazasiga nisbatan ishlab chiqilgan. Buning yechimi esa o‘zbek tilining xalqona artikulyatsiyasi bilan bevosita bog‘liq. Bizningcha ushbu munozarali holatning to‘g‘ri va jo‘yali yechimi E.A.Begmatov, A.P.Madvaliyev va Y.R.Odilovlarning 2023-yilda hammualliflikda chop etilgan “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati”da quyidagicha berilgan:
“Rus tili orqali kirib kelgan va tarkibida ё, ю, я harflari bo‘lgan ruscha va baynalmilal so‘zlarni yangi imloda yo, yu, ya harflari bilan yozishni va shu orqali bu sohadagi har xillikni bartaraf etishni eng maqbul yo‘l deb (lug‘at tuzuvchilar) hisoblaydilar va ushbu lug‘atda shunday yo‘l tutadilar”. [1.21-22] Demak, yangi imlo qoidalarida ruscha va baynalmilal so‘zlar tarkibidagi ё, ю, я harflari milliy talaffuz me’yorlariga tayanilib, yo, yu, ya tarzida ifodalanishi to‘g‘ri sanaladi.
- Mualliflar jamoasining bu taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda kirill alifbosidagi ц harfining ham o‘zbek lotin alifbosida aks etishiga doir mukammal variantni targ‘ib etishini kutib qolamiz. Chunki ц (ts) harfi bilan bog‘liq chalkashliklar ham yozma nutqimizda tez-tez kuzatilib turadi. Masalan, sellofan, ssenariy kabi so‘z boshida keladigan o‘rinlarda s shaklida, so‘z tarkibidagi ikki unli orasida kelganida (publitsistika, dissertatsiya, konstitutsiya ) ts holatida, so‘z oxirida unlidan keyin kelganda (shprits) ts tarzida, undosh va unli oralig‘ida kelganida (auksion, aksiya, ensiklopediya) s shaklida yozilishi haqidagi qoidani asosiy imlo me’yorimizga kiritish mumkin.
- Imlo qoidalarining 77-band 2-qismida o‘zlashma so‘zlarning qatordan qatorga bo‘g‘inga ajratib ko‘chirilishi haqida quyidagi qoida keltirilgan:
Uch undosh (bo‘g‘inlar chegarasida) kelsa, birinchi undosh oldingi satrda qoldirilib, qolgan ikki undosh keyingi satrga ko‘chiriladi: silin-drik kabi. Bizningcha bu bandga qo‘shimcha kiritilib, trans-port so‘zi bundan mustasno deyilishi o‘rinlidir.
- Kirill yozuvidagi adabiyotlar va ulardan olingan ko‘chirmalarning hozirgi o‘zbek lotin alifbosida yozilgan manbalardagi ifodasini bir xil qoliplantirish ehtiyoji mavjud. Bu boradagi muammo asosan ikki xil ko‘rinishda uchraydi:
- a) bir matndan ikkinchi matnga muayyan fikrni dalillash, isbotlash yoki inkor qilish maqsadida olib kirilgan parcha – iqtibosning aniq imloviy me’yori mavjud emasligida. Buning natijasida kirill alifbosida yozilgan manbadan lotin alifbosidagi tadqiqot, darslik va qo‘llanmalarga iqtibos olinganda matnning axborot ulashuvchi asosiy qismida ikki xil yozuv ko‘rinishi hosil bo‘ladi. Bunda asosiy matn lotin alifbosida, iqtibos sifatidagi parcha esa kirill alifbosida yoziladi. Masalan, A.Begmatov, A.P.Madvaliyev va Y.R.Odilovlarning 2023-yilda chop etilgan “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati”dagi “Ayrim so‘zlarning yozilishi bo‘yicha lug‘at tuzuvchilarning tavsiyalari ” maqolasida ham lotin yozuvidagi matnga kirill yozuvidagi iqtibosni kiritish holati uchraydi. [2.20]
Bizningcha, jamiyatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish bosqichi yakunlanar ekan, kirill yozuvidagi o‘zbekcha matndan lotin yozuvidagi o‘zbekcha matnga ko‘chirma olinsa, iqtibos sifatida olingan qism lotincha berilib, uning manbasi sahifa pastiga kirill yozuvi(yoki manbaning garafikasi)da rasmiylashtirilishi maqsadga muvofiq. Negaki lotin yozuvidagi matnda kirill yozuvidagi iqtibosning keltirilishi yozma nutqdagi adresant va adresatga noqulaylik tug‘dirishi bilan birga estetik jozibadorlikni ham yo‘qotadi.
- b) hozirgi o‘zbek lotin alifbosidagi matnda kirill yozuvida yaratilgan adabiyotlar nomlari aynan kirill yozuvida berilishi holatlari uchraydi. Bu holatni so‘nggi yillarda yozilayotgan tadqiqot va adabiyotlarda kuzatish mumkin. Masalan, A.Begmatov, A.P.Madvaliyev va Y.R.Odilovlarning 2023-yilda chop etilgan “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati”da 5 jildli “Ўзбек тилининг изоҳли луғати” hamda 12 jildli “Ўзбекистон миллий энциклопедияси” nomlari shu tarzda qayd etilgan.[2.4]
Bizningcha, bu borada ham aniq bir to‘xtamga kelinib, kirill yozuvida yozilgan badiiy, ilmiy asarlar, umuman, adabiyotlar nomlari lotin yozuvidagi o‘zbekcha matnlarga olib kirilganda aynan lotincha yozilishi, adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirishda esa asliyatdagi yozuvda ifodalanishi maqsadga muvofiq. Negaki yuqoridagi kabi holatlar kirill yozuvining lotin yozuviga asoslangan milliy o‘zbek yozuvidan chiqib ketishini susaytirmoqda.
Xullas, “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ni mukammallashtirishni, uning xato va kamchiliklardan xoli, barqaror tizimlanishini orfografik me’yorni orfoepiya, fonetika, fonologiya, morfologiya, leksikologiya, morfologiya, punktuatsiya va aksiologiya bilan uzviy bog‘liqlikda yanada takomillashtirish o‘zbek ilm-faniga, noshirlik faoliyatiga, vazirlik, korxona va tashkilotlarning ish yurituviga bir qator qulayliklar tuhfa etadi, milliy savodxonligimizni yangi, takomillashgan bosqichga olib chiqadi. Lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosi mukammallashtirilar ekan, bevosita uning imlo qoidalariga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish ham dolzarblik kasb etadi. Zero, yozuvda imlo qoidalaridan to‘g‘ri va o‘rinli foydalanish nafaqat yozuv egasining, balki butun bir millatning saviyasini, yozuv madaniyatini namoyon etadi.
Komil QARSHIYEV,
Samarqand davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.