“Quvnoqlar va zukkolar”da OTMdan tashqari davlat va jamoat tashkilotlari jamoalari bellashdi

Joriy yilning 12-14 dekabr kunlari Samarqand shahridagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda oliy ta’lim muassasalarining “Maroqandlik bojalar” (SamDAQI), “O‘zbegim” (SamISI), “Maroqand” (SamVMI), “Ilhom” (SamDU), “Turist” (“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti), “Tarjimon” (SamDChTI), “Avitsenna” (SamMI) jamoalari bellashdi.
Bu yilgi yangi liga o‘yinlarida oliy ta’lim muassasalari jamoalaridan tashqari davlat va jamoat tashkilotlari jamoalari - “Optimal” (“My business” xususiy korxonasi), “Lochinlar” (ichki ishlar boshqarmasi), “Ideal” (yoshlar ittifoqi Nurobod tumani kengashi), “Tog‘ yo‘lbarslari” (Markaziy harbiy okrugi), “Yog‘du” (Imron-art MChJ) jamoalari ham ishtirok etdi.
Bellashuvlarda “Maroqandlik bojalar”, “O‘zbegim”, “Optimal”, “Lochinlar” jamoalari o‘rtasida yuqori ball bilan “Maroqandlik bojalar” birinchi, “O‘zbegim” jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, yarimfinal o‘yinlarida bo‘ladigan bahslarga yo‘llanmani o‘zlarida saqlab qoldi.
“Maroqand”, “Ilhom”, “Turist”, “Ideal” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bellashuvda “Maroqand” va “Ilhom” jamoalari yuqori ball bilan yarimfinal o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Chorak final bellashuvlarida “Tarjimon”, “Avitsenna”, “Tog‘ yo‘lbarslari” hamda “Yog‘du” jamoalari o‘zaro kuch sinashib, “Tarjimon” va “Tog‘ yo‘lbarslari” jamoalari keyingi yarim final bellashuvlarida ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldi.
Natijalarga ko‘ra, Samarqand markaziy kulgi ligasining keyingi yarim final bahslarida 6 jamoa - “Maroqandlik Bojalar”, “O‘zbegim”, “Maroqand”, “Ilhom”, “Tarjimon”, “Tog‘ yo‘lbarslari” to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, hakamlar hay’ati tomonidan ballar nisbatiga ko‘ra, yana 2 jamoa - “Ideal” va “Yog‘du” keyingi bahslarda yarim final bellashuvlarida ishtirok etish uchun imkoniyatni saqlab qoldi.
Markaziy kulgi ligasining navbatdagi yarim final bellashuvlari 2020 yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda. Kelgusi o‘yinda 8 jamoadan faqatgina 4 tasi final o‘yiniga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, kubok uchun bellashadi.
Javlon SODIQOV.