2024 yilda Samarqandda maktabgacha ta’lim sohasiga qancha mablag‘ ajratilgan?

Viloyatimizda ijtimoiy soha muassasalariga 2024 yilda mahalliy byudjetdan jami 4 trillion 333,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan va yil yakunigacha 4 trillion 333,6 milliard so‘m kassa xarajati amalga oshirilishi kutilmoqda.
Ya’ni, 0,2 milliard so‘m mablag‘ ishlatilmasdan qoladi yoki ajratilgan mablag‘ning 99,9 foizga o‘zlashtirilishi kutilmoqda.
2024 yilgi byudjetni sohalar bo‘yicha oladigan bo‘lsak, maktabgacha ta’lim sohasi bo‘yicha 2024 yil uchun aniqlangan reja 295,3 milliard so‘mni tashkil etgani holda ijro 295,1 milliard so‘mni yoki 99,9 foizni tashkil etdi. Bunda asosiy 84 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida 7,4 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, 265 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 13,4 milliard so‘m mablag‘ evaziga 2 komplektdan yumshoq jihoz xarid qilindi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida yil boshida 745 ta DMTTda 4508 ta guruhda 104750 nafar tarbiyalanuvchi bo‘lgani holda, yil yakunida 761 ta DMTTda 4595 ta guruhda 119470 nafar tarbiyalanuvchini qamrab olishga erishildi. Yoki viloyatning umumiy qamrov darajasi 61 foizdan 70,6 foizga ko‘tarilishi ta’minlandi.
Yangi tashkil qilingan guruhlar hisobiga o‘rta hisobda 9 soatlik DMTT misolida 1 ta guruh uchun 1,25 tarbiyachi va 1,0 tarbiyachi yordamchisi shtat birliklarini kiritish natijasida viloyatda jami 196,75 shtat birligidan iborat yangi ish o‘rinlari yaratilishi ta’minlandi. Shuningdek, 196,7 milliard so‘mga oziq-ovqat mahsulotlari, 12,9 milliard so‘mga tovar-moddiy zaxiralar va idish-tovoqlar, 10,1 milliard so‘mga mebel jihozlari, 923 million so‘mga kompyuter texnikasi, 1,4 milliard so‘mga 81 ta DMTTga 150 ta isitish qozoni hamda 5,1 milliard so‘mga boshqa texnika va jihozlar xarid qilindi.
Bundan tashqari, viloyatda xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan 3627 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yil davomida 431,4 milliard so‘m byudjet subsidiyalari to‘lab berildi.
Viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi axborot xizmati.