36 yoshli ayol xat qoldirib, ikki farzandi va o‘zining joniga qasd qildi

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 26 oktyabr kuni Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Eski yer” suv omboridan 3 odamning jasadi topilganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Aniqlanishicha, 2020 yil 26 oktyabr kuni soat 17:00 larda Yangiqo‘rg‘on tumani Navkent mahallasida yashovchi ayol N.G‘. (1984 yilda tug‘ilgan, sudlanmagan, uy bekasi) shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘ining oilasiga tegishli bo‘lgan, 2,0 gektar tutzor uchun ajratilgan yer maydonining 50 sotixini ukasiga berib yuborganligidan norozi bo‘lib, bu haqda xat yozib qoldirgan.
So‘ng 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan tumandagi “Yangiqo‘rg‘on eski yer” suv omboriga kelib, omborning boshlanish qismiga farzandlarini ketma-ketlikda suvga tashlab, ularni cho‘kib o‘lganligiga ishonch hosil qilgandan keyin o‘zini ham suvga tashlab, joniga qasd qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.