Davlat tili – millatning ovozi

Bugun butun mamlakatimizda bo‘lgani singari viloyatimizda ham O‘zbek tili bayrami keng nishonlandi.
Dastlab Samarqand shahridagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda viloyat va Samarqand shahar hokimligi, ta’lim muassasalari, ijodiy uyushmalar vakillari, yoshlar ishtirok etdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi F.Toshev, viloyat hokimi o‘rinbosari X.Ochilov va boshqalar so‘zga chiqib, tadbir qatnashchilarini o‘zbek tili bayrami bilan tabrikladi. Bundan 31 yil muqaddam qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunning ahamiyati, keyingi yillarda davlat tilining jamiyat hayotidagi nufuzini oshirish, rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
– Davlat tilini qo‘llash, uni o‘rganish va targ‘ib qilish tizimini takomillashtirish maqsadida keyingi yillarda bir qator muhim hujjatlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etilayotgani barchamizni quvontiradi, – deydi Samarqand davlat universiteti professori M.Abdiyev. – Bu o‘rinda ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan kecha qabul qilingan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlash lozim. Ushbu hujjat bilan shu paytgacha amalga oshirilgan ishlarning yangi bosqichi boshlab berildi. Yaqin o‘n yilga mo‘ljallangan vazifalar aniq-tiniq belgilab qo‘yildi. Agar bu ishlar o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirilsa, o‘zbek tilining o‘rni va nufuzi nafaqat yurtimizda, balki xalqaro maydonda ham oshishi shubhasiz.
Marosimda o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yildi, viloyat drama teatri aktyorlari tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, talaba-yoshlar tomonidan she’r va g‘azallar o‘qildi.
Tadbirda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirishda faollik ko‘rsatgan bir guruh ziyolilarga "Ma’naviyat fidoyisi" ko‘krak nishoni topshirildi.
B.MUSTANOV.