Ishoqxon Ibrat haqida badiiy film yaratildi: Ayrim lavhalar Hindiston va Misr davlatlarida olingan

Keyingi yillarda kino sohasida uzoq tariximiz hamda vatan ozodligi yo‘lida kurashgan, hayotini ma’rifat yo‘lida qurbon qilgan tarixiy shaxslar siymosini yaratish borasida xayrli ishlarga qo‘l urildi. “Islomxo‘ja”, “Imom Abu Iso Muhammad Termiziy”, “Elparvar”, “Avloniy”, “Qo‘qon shamoli” kabi filmlar fikrimiz tasdig‘idir.

Respublikamizning yetakchi kinorejissyorlardan biri Jahongir Qosimov yaqinda yana bir tarixiy allomamiz - Ishoqxon Ibrat haqida “Ibrat” badiiy filmini suratga oldi. “O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga binoan ishlangan mazkur film chor Rossiyasi tomonidan bosib olingan O‘zbekistonning murakkab davrlarida faoliyat yuritgan ma’rifatparvar, noyob iste’dod egasi, o‘lkamizdagi ilk matbaachilardan biri Ishoqxon Ibrat haqida hikoya qiladi.

Filmda Ibrat bobomizning murakkab yillarda yengilmas, matonatli, xalq manfati va maqsadi yo‘lida kurashlardan qaytmaydigan fe’l-atvor egasi ekanligini ko‘rsatib berish bilan birga el tinchligi, to‘qligi va ertasi faqat ma’rifat bilangina qo‘lga kiritilishi mumkinligi ilgari surilgan. Ibrat domlaning dunyo kezishi, til o‘rganishi, neki yangilik va yaxshilik uchrasa ona yurtiga tadbiq etishga harakat qilishi, yurtning ma’rifat va ozodlikka erishish g‘oyasini targ‘ib etadigan, qayerda va qay holatda bo‘lmasin ma’rifat uchun kurashishdan tolmaydigan, nufuzli amaldor, qozi ekaniga qaramay, o‘z doirasidagi odamlarga qarshi borib, doimo xalq tarafida turgan inson sifatida gavdalantirilgan. Ibrat domlaning dunyo kezganligi bilan bog‘liq ayrim lavhalar Hindiston va Misr davlatlarida olingan.

Ibratning yoshligini Rossiyada xizmat ko‘rsatgan aktyor Farhod Mahmudov ijro etgan. Shuningdek, filmda Saidkomil Umarov, Matyoqub Matchonov, Mixail Kaminskiy, Seydulla Moldaxanov, Abduraim Abduvahobov, Tohir Saidov, Furqat Fayziyev, Shahzoda Matchonova va boshqa taniqli aktyorlar suratga tushgan.

“Ibrat” badiiy filmi yaqin kunlarda ekranlarda namoyish etiladi.

Farmon Roziqov,

“O‘zbekkino” milliy agentligi

“Respublika kinoprokat markazi”

Samarqand viloyati filiali rahbari.