Logistika markazi, gidroelektrstansiya, qurilish klasteri: Past Darg‘omda yana qanday yangi loyihalar ishga tushadi?

2024 yilda Past Darg‘om tumanida hududiy investitsiya dasturiga asosan qiymati 484 milliard so‘mlik bo‘lgan 91 ta loyiha ishga tushirildi va 1170 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Davlat investitsiya dasturiga asosan 14,3 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi.

Jumladan, tumanning Kamolot mahallasida joylashgan qo‘shma korxona shaklidagi “Aysha ar” korxonasi tomonidan joriy yilda 4,3 million dollarlik xorijiy sarmoya mablag‘i hisobiga yirik parrandachilik kompleksi va baliqchilik xo‘jaligi ishga tushirilgan. Shuningdek, “Transximikal” qo‘shma korxonasi tomonidan kimyo sanoatida foydalaniladigan  yirik hajmli qoplar ishlab chiqarish loyihasi hisobiga 5,4 million dollar xorijiy investitsiya mablag‘i o‘zlashtirilgan.      

     

- Tumanga xorijiy sarmoyani jalb etish va sanoat sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Aziz G‘ofurov. – Xususan, Prezidentimizning tegishli qarorlariga muvofiq, tumanimizning Kattaqo‘rg‘on tumani bilan chegaradosh bo‘lgan Chimboyobod massivida 234,3 gektar yer maydonida maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi belgilangan. Ushbu sanoat zonasida farmatsevtika, elektrotexnika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, kimyo sanoati, qurilish materiallari, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini chuqur qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish hisobiga kamida 500 million dollarlik investitsiya loyihalarini joylashtirish belgilandi. Shu bilan birga tumanga xorijiy kapitalni jalb etish bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2024 yil iyun oyida Xitoy davlatiga qilingan safardan so‘ng tumanimizga 9 ta ishbilarmonlar guruhi tashrif buyurdi. Bu guruhlar tarkibidagi 50 dan ortiq yirik kompaniyalar vakillari tumanimizning salohiyati, imkoniyatlari bilan tanishdi. Eksport ko‘rsatkichlarini oshirish maqsadida bir nechta yangi korxonalar tashkil etildi. Kamolot mahallasidagi “Xan agro” korxonasi shular jumlasiga kiradi. Bizda odamlarimiz takroriy ekinga asosan dukkakli ekinlar ekishgani bois bunday mahsulot ko‘p yetishtiriladi. Ushbu korxona tomonidan nafaqat tumandagi, balki boshqa hududlarda yetishtirilgan mosh, loviya kabi dukkakli mahsulotlarni Turkiya va Yevropa davlatlariga eksport qilish yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida tumandan 18 million 400 ming dollarlik sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 118 foizni tashkil qiladi.

Balxiyon mahallasida 2024 yil iyunda “LOGIC AUTOMOTIVE AND ENGINEERING” MChJ xorijiy korxonasi tomonidan avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Qiymati 5 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida 42 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi va yiliga o‘rtacha 30 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

2025 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga 100 million dollarlik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bunda g‘isht ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tabiiy minerallarga boy suv ishlab chiqarish, qurilish materiallari klasterini tashkil etish, yirik logistika markazi, gidroelektrostansiya tashkil etish va yuqori hosildorlikka erishish uchun g‘o‘zaning yangi navlarini yaratish bo‘yicha loyihalar tayyorlanmoqda.

Hududiy investitsiya dasturi doirasida qiymati 91,2 million dollarlik 122 ta loyiha ishga tushirilishi va 2 minga yaqin ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Davlat investitsiya dasturi doirasida 124 million dollarlik, shundan 100 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari hisobiga 7 ta yangi loyiha ishga tushirilishi va 365 ta  yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Keyingi yillarda Kamolot mahallasi tumanning sanoat markaziga aylanib bormoqda. Bir necha yil avval yirik korxonalar va kichik ishlab chiqarish sexlari ham bo‘lmagan bu mahallada bugun jahon andozalariga mos keladigan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi ko‘plab korxonalar bor. “Spector metala construcsiya” MChJ 2017 yilda tashkil etilgan shunday korxonalardan biri hisoblanadi. Uch nafar ishchi bilan faoliyat boshlagan korxonada bugun 120 kishi mehnat qilmoqda.  Korxonada metall shit, shkaf, chiqindi urnasi, temir quti kabi mahsulotlar ishlab chiqarish va o‘rnatib berish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, korxona elektr transformatorlarni yig‘ish va o‘rnatib berish xizmatlarni ko‘rsatadi. 2024 yilning 10 oyida ushbu korxona tomonidan 40 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 2025 yilda 500 ming dollarlik “PVX shitlar va rozetkalar ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirib, 30 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda.

Bir necha kun oldin shu yerda yana bir yangi korxona - “FORTUNA URGUT MEDICAL” MChJ faoliyat boshladi. Qiymati 5 million dollar bo‘lgan korxonada Xitoydan keltirilgan uskunalar yordamida yiliga 200 ming dona shifobaxsh moy, 50 ming dona suyuq sovun, 100 ming dona antitseptik vositalar va boshqa farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu hududda Turkiya davlati bilan hamkorlikda ochilgan yana bir yirik korxona – “LOGIC AUTOMOTIVE AND ENGINEERING” MChJ xorijiy korxonasi dastlab avtobuslarga plastik va yumshoq o‘rindiqlar ishlab chiqarish bilan faoliyat boshlagan. Bugun korxonada mahsulot turlari va hajmi ortib bormoqda.

-  Korxonamizda avtobuslar uchun sovutkich (konditsioner) va eshik ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan, - deydi korxona sifat nazorati bo‘limi mutaxassisi Doston Sobirov. – Joriy yildan L60 va HD50 avtobuslari uchun xorijdan xomashyo keltirib, karkas qismlari, maxsus yuk avtomobillari uchun kuzovlar ishlab chiqarishni boshladik, plastik o‘rindiqlar ishlab chiqarish to‘liqligicha mahalliylashtirildi. Eshiklarni mahalliylashtirish 50 foizga, sovutkich ishlab chiqarishni mahalliylashtirish 30 foizga yetdi. Umuman, korxonamizda mahalliylashtirish darajasi 50 foizga yetkazildi va natijani yaxshilash borasida ish olib boryapmiz. Hozir korxonamizda mehnat qilayotgan 50 nafardan ortiq ishchining aksariyati yoshlar. Ularning mehnati bilan yiliga 10 mingta plastik o‘rindiq, 500 dan ortiq sovutkich, 300 donagacha eshik, L60 va HD50  avtobuslari uchun 200 donadan karkas, 400 dona kuzov  tayyorlash imkoniyatimiz bor. Keyinchalik TJ-45 avtobuslarining karkas va pol qismlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz. 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.