Mas’uliyatli va zahmatli mehnat mukofoti
Prezidentning 2020 yil 27 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at va ommaviy axborot vositalari sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, payariqlik Barno Tuganova “Sog‘lom turmush” medali bilan taqdirlandi. Ushbu mukofot zamirida Barno opaning tinimsiz mehnati, bolalarni tarbiyalashdagi mas’uliyati, jajjilarni bilimli qilishdagi zahmatli xizmatlari yotibdi.
Barno Tuganova 2019 yilda “Manzurabonu” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilda Guliston mahallasida “Davlatbek ko‘zmunchoq” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini foydalanishga topshirdi. Bugun bu maskanlarda 250 nafar bolajonlar 48 nafar tarbiyachilar ko‘magida ta’lim-tarbiya olmoqda.
Mazkur maktabgacha ta’lim muassasasiga tashrif buyursangiz, bu yerdagi obodonchilik ishlari, tarbiyachi-yu bolajonlarning muomala madaniyati e’tiboringizni tortmay qolmaydi.
- Bugun bolalarning ta’lim olishiga alohida e’tibor berilayotgani quvonarli, - deydi B.Tuganova. – Chunki ular kelajigimiz, ertangi kunimiz. Chekka hududlarda ham zamonaviy, barcha sharoitlarga ega maktabgacha ta’lim muassasalari foydalanishga topshirilyapti. Menga berilgan bunday yuksak mukofot yanada mas’uliyat bilan ishlashga, maqsadlar sari oldinga intilishga undaydi.
Bugun davr ayoli zamon talabiga mos ravishda shijoat, yangicha yondashuv bilan ishlamoqda. Barno opa kabi fidoyi va jonkuyar, davr bilan hamnafas ayollarimiz bor ekan, boshlagan ishlarimiz salmog‘i yanada oshib boraveradi.
Husniddin XOLDOROV.