Nogironligi bo‘lgan shaxslar qanday qilib faol hayotga qadam qo‘yishi mumkin?

Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Faol hayotga qadam» dasturi asosida ular uchun uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish, qarab turish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya va shaxsiy yordamchi xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.
Samarqand tumanida ham 74 ta mahallada yolg‘iz yashovchi, o‘zgalar parvarishiga muhtoj, nogironligi bo‘lgan 79 nafar fuqaroga ijtimoiy assistent biriktirilib, «Faol hayotga qadam» dasturi doirasida xizmatlar ko‘rsatilyapti. Yakka tartibdagi tadbirkor Xumora Jo‘raqulova tomonidan kunduzgi qatnov asosida qarab turish markazi tashkil etilib, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun 5 turdagi yangi xizmatlar yo‘lga qo‘yildi.
Masalan tumandagi Ravonak mahallasida yashovchi Dilnoza Sattorova nogironligi bo‘lishiga qaramay, hayotga shukronalik hissi bilan qarab kelmoqda.
- Shukurki, mamlakatimizda hech kim e’tibordan chetda qolgani yo‘q, - deydi u. – Turmush o‘rtog‘im vafot etgan, bir nafar qizim turmushga chiqib ketgan. Qarovchim yo‘q, endi kunimni qanday ko‘raman, deb turganimda to‘satdan menga yordam qo‘lini cho‘zadiganlar topilib qolganidan xursand bo‘ldim. Mahalladagi ijtimoiy xodim Gulruh Naimova holatimni o‘rgandi va ko‘mak ko‘rsata boshladi.
Dilnoza Sattorova “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yolg‘iz yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Unga qish mavsumida sarflanadigan elektr energiyasi uchun kompensatsiya puli to‘lab berildi, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sanatoriyga yo‘llanma berildi.
Tumanda dastur doirasidagi ijtimoiy xizmatlardan foydalanuvchilar, faol hayotga qadam qo‘yayotganlar soni bosqichma-bosqich ortib bormoqda.
Kamoliddin G‘apparov,
tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori.