Internetdagi yengil-yelpi ma’lumotlarni o‘qib, fikrlash doiramizni cheklayapmiz
Qadrli do‘stim, oxirgi marta qachon telefonga qaramasdan, bir soatni sukunatda o‘tkazganingizni eslay olasizmi? Internetdan olgan ma’lumotlar sizni qanchalik o‘zgartirdi?
Xuddi “layk”lar va cheksiz “scroll”lar dunyosida o‘zligimizni yo‘qotib qo‘ygandekmiz. Bilasizmi, o‘zimda g‘alati bir tajriba o‘tkazdim va uni “Gajetlarsiz uch kun” deb nomladim. Bu shunchaki, texnikadan voz kechish emas, balki ongimni qayta dasturlash, unutilgan so‘z boyligimni qaytarish harakati, deb belgiladim.
Gajet shovqinidan qutulganimda, ongimda antik davr shoirlarining ovozi yangradi. Oliygohning sirtqi yo‘nalishi talabasi bo‘lganim uchun oraliq nazoratlarni Moddle tizimiga joylashni boshladim. O‘zbek va jahon adabiyoti fanlaridan ma’lumot izladim. Mumtoz adabiyot vakillarining adabiy merosi bir qancha haqiqatlarni ochdi-ki, biz ijtimoiy tarmoqdagi yengil-elpi ma’lumotlar bilan shug‘ullanib, fikrlash doiramizni cheklab qo‘ygan ekanmiz.
Mutolaaga sho‘ng‘iganim sayin so‘z boyligim boyib borayotganini his qildim. Haftaning uch kuni mobaynida tong va tun paytlari bir soatdan mutolaa qilishga odatlandim. Ilgari fikrimni ifodalashga so‘z topolmay qiynalgan bo‘lsam, bugun har bir ishlatgan jumlamni bezashni o‘rgandim. Nutqim ravonlashdi, fikrlarim tiniq va teran tus oldi. Taniqli neyrobiolog, professor Gari Smollning “Surviving the Technological Alteration of the Modern Mind” nomli kitobidagi ilmiy faktlarni hayotimda sinab ko‘rdim.
Internetdagi yuzaki qidiruv miyani “yalqov” qilib qo‘yar ekan. Mutolaaga shung‘iganim sari xotiram o‘tkirlashdi. Avvallari o‘qiganlarimni tezda unutgan bo‘lsam, endi ma’lumotlarni shunchaki ko‘rmayapman, balki ularni tahlil qilib, ongimning “oltin sandig‘i”ga muhrlayapman. Kitob o‘qiganda miyyaning barcha qismlari “uyg‘onib”, tasavvurim ham kengaymoqda. Gari Smoll ta’kidlaganidek, gajetlar bizni yuzaki skanerlashga o‘rgatib qo‘ygan ekan. Kitob esa meni tizimli fikrlashga majbur qildi.
Xulosa o‘rnida aytganda, haftaning 3 kuni davomida mumtoz asarlar qahramonlari orasida yurib, dunyoqarashim kengayganini angladim. Voqea-hodisalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rish intellektual erkinlik ekanini his qildim. Dunyoni smartfon tutgan qo‘llar emas, kitob o‘qiganlar boshqarar ekan.
Siz ham telefoningizni o‘chiring va birorta buyuk asarni varaqlashni boshlang!
Gulrux Matchanova Umrbek qizi.