Ibratli oila – bugunning qahramoni
Viloyat hokimligida 15 may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan samarqandlik bir guruh oila a’zolariga “Ibratli oila” ko‘krak nishonlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sherbek Bo‘ronov so‘zga chiqib, oilaviy qadriyatlarni asrash, oila institutini mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan ishlar ahamiyati, ma’naviy ildizlarimiz suv ichgan muqaddas tushunchalar hikmati bugun har qachongidan ko‘ra ahamiyatli ekanini ta’kidlashdi.
- Ilmiy-madaniy merosimizga tayangan holda oila mustahkamligini asrab-avaylash masalasiga butun bir jamiyat safarbar etilgan, - dedi Z.Mahkamova. – Bu bejiz emas, sababi oiladagi xotirjamlik va barqarorlik butun bir jamiyatga daxl qilgulik kuchga ega. Turmush farovonligini ko‘tarish yo‘lida mamlakatimizda ushbu institutga daxldor barcha sohalar, jumladan, ijtimoiy himoya, sifatli ta’lim, tibbiyot tizimi o‘zaro uyg‘unlikda ish olib borayotir. Oilalardagi muammolar bir paytlar faqat ma’lumotnoma bera oladigan mahalla tizimining o‘zida hal etilib, ular bilan ishlaydigan aniq bir mexanizm yaratildi. “Ibratli oila” ko‘krak nishonining ta’sis etilishi ham shunday e’tiborning bir ko‘rinishi. Aslida hududlardagi har bir ibratli oila o‘sha mahallaning qahramoni, mahallaga namunadir. Ularning tajribasidan foydalanish, zarur bo‘lsa, targ‘ib etish kerak.
Viloyatdagi har bir shahar va tumandan ishtirok etayotgan 16 ta oila vakillariga “Ibratli oila” ko‘krak nishoni, “Bu yerda ibratli oila istiqomat qiladi” yozuvli peshlavha va esadlik sovg‘alari topshirildi.
- Turmush qurganimizga qariyb 50 yil bo‘ldi, - deydi Urgut tumani Torinjak mahallasida istiqomat qiluvchi Salohiddin Ibragimov. – Oilam Marhabo Mirzayeva bilan tumandagi 122-umumta’lim maktabida dars berdik. 5 nafar farzandimizni halol yedirib, halol mehnat qilishga undadik. Bugun ular jamiyatning turli jabhalarida mehnat qilmoqda. 22 nevara, 5 evara ko‘rib, totuvlikda umr kechiryapmiz.
Viloyat miqyosida sana munosabati bilan 145 ta oila shunday e’tirofga munosib ko‘rildi. Ibratli oila vakillari bilan suhbatlashar ekanmiz, ular oilada murakkabliklar bo‘lishi, ularni sabr va ishonch bilan yengib o‘tish lozimligini ta’kidlashdi.
Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida ham bo‘lib, talabalar uchun oilaviy qadriyatlar va ularni asrab qolish bo‘yicha “Kelajak soati” darsini o‘tib berdi.
Gulruh MO‘MINOVA.