Samarqandda ibratli oilalar ma’lum bo‘ldi
Nurobod tumanidagi Qurbonovlar oilasi eng madaniyatli oila, narpaylik Norboyevlar eng zukko, Paxtachidan Rustamovlar mehnatsevar, toyloqlik Jabborovlar orasta, Qo‘shrabotdagi Fayziyevlar namunali, Ishtixon tumanidagi Jumayevlar ma’rifatli oila ekan.
“Ibratli oila” respublika ko‘rik-tanlovi Samarqand viloyati bosqichida tuman va shaharlardan kelgan oilalar ana shunday nomlar bilan e’tirof etildi.
– Har bir inson oilada kamolga yetadi, hayotni oila orqali anglaydi va ulg‘ayib o‘zi ham yana bir oila egasi bo‘ladi, – deydi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Z.Shodiyeva. –Jamiyat oilalardan tarkib topadi, undagi muhit jamiyatda ham o‘z ifodasini topadi. Shuning uchun ham yurtimizda oila institutini mustahkamlash, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” konseptual g‘oyasini hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur tanlov ham ushbu maqsadlardan kelib chiqib o‘tkazilmoqda. Tanlovning quyi bosqichlarida mahallalardagi ibratli oilalarni aniqlash va ulardagi hayot tarzini boshqalarga namuna qilib ko‘rsatishga harakat qildik. Boy hayotiy tajribaga ega oilalar egalarining tajribasini yoshlar o‘rtasida targ‘ib etdik. Shu tarzda tanlovning viloyat bosqichida qatnashgan oilalarning har biri o‘ziga xos jihatlari bilan bir-biridan ajralib turdi, bir-birini to‘ldirdi. Shu bois tanlovda g‘oliblar bilan birga har bir oilaning eng ustuvor qadriyat, g‘oyasidan kelib chiqib, ularga o‘ziga xos nom berib rag‘batlantirdik.
Tanlovning viloyat bosqichida Past Darg‘om tumani Gumbaz mahallasida yashovchi Husniddin Normatov va Obod Tojiyeva oilasi eng ibratli oila, deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
– Bundan 35 yil avval turmush qurganmiz, – deydi Husniddin Normatov. – Yaratganga shukr, uch nafar farzandni o‘qitib, kasb-hunarli, uyli-joyli qildik. Olti nafar nabiramiz bor. Oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanamiz, fermer xo‘jaligi tashkil etganmiz. Mehnatimizga, harakatimizga yarasha daromad qilamiz. Oilamiz tinch, ro‘zg‘orimiz but. Mahallamiz va qo‘shni qishloqlardagi 115 kishini ham ish bilan ta’minlaganmiz. Mahalla, qo‘ni-qo‘shnilar tavsiyasi bilan ushbu tanlovda qatnashib g‘olib bo‘lganimizdan xursandmiz. Inson uchun oilaviy xotirjamlikdan ulug‘ ne’mat yo‘q ekan. Oilangiz tinch, ahil bo‘lsa, hamma ishlaringiz yurishib, barcha maqsadlaringizga yetar ekansiz.
Kattaqo‘rg‘on shahridagi A.Narzullayev oilasi ikkinchi, urgutlik Ahtamovlar oilasi uchinchi o‘rinni egalladi.