Samarqand hunarmandlari imtiyozlardan qanday foydalanyapti?
Hunarmandchilik — xalqimizning asrlar davomida sayqal topib kelayotgan milliy merosi. Usta qo‘lida yaratilgan har bir buyumda nafaqat mehnat, balki xalqimizning tarixi, didi, urf-odati va qadriyatlari mujassam. Bugun esa an’anaviy hunarmandchilik zamonaviy iqtisodiyotning ham muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda.
Ayniqsa, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur sharoit yaratish, kasb-hunarni yoshlarga o‘rgatish, tayyor mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga olib chiqish borasida yaratilgan imkoniyatlar soha vakillarining faoliyatini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Viloyatimizda ham bu jarayonni yaqqol ko‘rish mumkin. Viloyatda hunarmandchilikning turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan ustalar o‘z kasbini nafaqat daromad manbai, balki milliy qadriyatlarni asrash va kelgusi avlodga yetkazish vositasi sifatida ham rivojlantirmoqda.
Bugun hududda hunarmandchilikning mavjud yo‘nalishlari bo‘yicha 2 mingdan ziyod usta va shogirdlar faoliyat yuritmoqda. Sohada yangi a’zolar safi kengayib, yoshlarni hunarga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlashda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar muhim ahamiyatga ega. Xususan, hunarmandlar o‘z faoliyatidan oladigan daromadlari bo‘yicha daromad solig‘idan ozod etilgan. Bu esa ularning topayotgan mablag‘ini yanada ko‘proq ishlab chiqarishni kengaytirish, zarur xomashyo xarid qilish, asbob-uskunalarni yangilash va shogirdlar tayyorlashga yo‘naltirish imkonini beradi.
Shuningdek, hunarmandlar uchun pensiya ta’minoti bilan bog‘liq yengilliklar ham mavjud. Ular belgilangan tartibda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga to‘lovlarni amalga oshirish orqali kelajakda ijtimoiy himoyaga ega bo‘lish imkoniyatini saqlab qolmoqda. Eng muhimi, yaratilgan imtiyozlar hunarmand uchun faqat qog‘ozdagi yengillik bo‘lib qolmayapti. Ulardan unumli foydalanayotgan ustalar ishini kengaytirib, yangi shogirdlar tayyorlamoqda, mahsulot turlarini ko‘paytirmoqda va o‘z brendini shakllantirishga intilmoqda.
Bu jarayonda hunarmandchilik markazlarining ham o‘rni katta. Viloyatda tashkil etilgan maxsus markazlar ustalar uchun ishlash, mahsulot tayyorlash, tajriba almashish va shogirdlarga hunar o‘rgatish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini bajarmoqda.
Hunarmandchilikning eng muhim jihatlaridan biri — uning avloddan-avlodga o‘tishi. Shu bois viloyatimizda “Usta-shogird” an’anasini tiklash va rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugun Samarqandda yuzlab “Usta-shogird” maktablarida yoshlarga kulolchilik, zargarlik, kashtachilik, zardo‘zlik, milliy libos tayyorlash, miniatyura va boshqa hunarlarning sir-asrorlari o‘rgatilmoqda.

Buning ahamiyati shundaki, yosh inson qo‘lida kasb bo‘lsa, uning ertangi kuni ham ishonchli bo‘ladi. Usta esa o‘z tajribasini shogirdiga o‘rgatish orqali nafaqat kasbini, balki yillar davomida shakllangan maktabini ham davom ettiradi. Shu ma’noda, davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar hunarmandning o‘zi bilan cheklanib qolmasdan, uning atrofida yangi ish o‘rinlari va yangi kasb egalari shakllanishiga zamin yaratmoqda.
Imtiyoz va imkoniyatlarning yana bir muhim natijasi — hunarmandlarning tashqi bozorga chiqishga bo‘lgan intilishi kuchayganidir.
Samarqandlik ustalar tomonidan tayyorlanayotgan milliy liboslar, zardo‘zlik buyumlari, miniatyuralar, batik va bezak mahsulotlari xorijiy xaridorlarda ham qiziqish uyg‘otmoqda. Viloyat hunarmandlari xalqaro ko‘rgazma va festivallarda ishtirok etib, o‘z mahsulotlarini namoyish qilish bilan birga, xorijiy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatmoqda. Masalan, milliy liboslar Rossiya bozoriga, zardo‘zlik buyumlari Xitoyga, miniatyura va sirli bezak mahsulotlari hamda batik, gul bosilgan gazlamalar Tojikiston bozoriga chiqarilgan. Bu oddiy savdo jarayoni emas. Har bir eksport qilingan milliy mahsulot ortida Samarqand hunarmandchiligining tarixi va o‘ziga xosligi ham xorijga chiqib boradi.
Ayni paytda sohadagi asosiy maqsadlardan biri — hunarmand mahsulotini tayyorlash bilan birga, uni sotish, targ‘ib qilish va eksport qilish ko‘nikmalarini ham shakllantirish. Buning uchun ko‘rgazmalar, festivallar, yarmarkalar va turli targ‘ibot tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Albatta, davlat tomonidan yaratilayotgan imtiyoz va qulayliklar hunarmanddan mas’uliyatni ham talab qiladi. Imtiyozdan foydalanib, ishlab chiqarishni kengaytirish, mahsulot sifatini oshirish, yangi shogirdlar tayyorlash va bozor talabiga mos mahsulot yaratish — bugungi hunarmand oldida turgan muhim vazifalardan. Viloyatimizda bu borada ijobiy natijalar ko‘zga tashlanmoqda. Yangi hunarmandlar safi kengaymoqda, yoshlar kasbga jalb etilmoqda, ustalar o‘z mahsulotlarini yangi bozorlarga olib chiqishga harakat qilmoqda. Shunday ekan, hunarmandlarga berilayotgan imtiyozlarning haqiqiy samarasi faqat soliq yengilligi yoki boshqa qulayliklar bilan emas, balki ularning ortidan qancha yangi ish o‘rni yaratilgani, qancha yosh kasb egallagani, qancha milliy mahsulot dunyo bozoriga chiqqanligi bilan o‘lchanadi.
Umid Hakimov,
“Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i.