Samarqand viloyati imom-xatibi indoneziyaliklarni Samarqandga taklif qildi

Indoneziya davlatidagi sayyohlik kompaniyalari vakillari bilan ZOOM platformasi orqali o‘tkazilgan onlayn konferensiyada Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov ishtirok etib, yurtimiz turizm salohiyati haqida ma’lumot berdi.
– Diyorimizda joylashgan muqaddas qadamjolar, avliyolar va ulamolarning maqbaralari, qadimiy masjid va madrasalar, muqaddas qo‘lyozmalar dunyo musulmonlarini e’tiborsiz qoldirmaydi, – dedi Z.Eshonqulov. – Xususan, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy majmualarini ziyorat qilishni dindoshlarimiz yuksak sharaf, deb bilishadi. Jumladan, indoneziyalik mo‘min-musulmonlar ham ushbu maqsad bilan yurtimizga ko‘p kelishadi. Ular uchun munosib shart-sharoit yaratish davlatimizning doimiy e’tiborida. Xususan, keyingi yillarda mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda, bu borada xalqaro standartlar joriy etilmoqda. Birgina, Imom Buxoriy majmuasi atrofida halol standartlariga muvofiq bir qator yangi mehmonxona, restoran va boshqa xizmat ko‘rsatish majmualari tashkil etilmoqda. Majmuani kengaytirish va katta masjid qurish harakatlari ham boshlangan.
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Indoneziyadagi sayyohlik kompaniyalariga ushbu davlat fuqarolarini O‘zbekistonga ko‘proq olib kelish, maxsus reyslar uyushtirishni taklif qildi.