Samarqandda tuyalar karvonini yasayotgan haykaltarosh

Haykaltaroshlik shunday san’atki, sizdan metindek iroda, sabr-u bardoshni talab etadi. Va shuning evaziga betakror san’at asarlari yaratiladi.
Narpaylik Umurzoq Sharipov hayotini haykaltaroshlik san’atisiz tasavvur eta olmaydi. U yasagan byustlar, turli hayvonlarning haykallari bugun nafaqat Samarqandda, balki respublikamizning boshqa hududlarida bo‘y cho‘zib turibdi. Ayni paytda Umurzoq aka Samarqandning tarixiyligini, Buyuk Ipak yo‘li chorrahasidagi shahar ekanligini aks ettiruvchi tuyalar karvoni ustida ish olib bormoqda. Bu “karvon” Samarqandga kiraverishda Cho‘ponota massividagi postdan o‘tganda qurilishi rejalashtirilgan.
- Tuyalar karvoni tuya va ikki sarbondan iborat, - deydi haykaltarosh. - Ularning birinchisi oq rangda bo‘lib, 3,5 metr uzunlikda bo‘ladi. Qolganlari 2 metrdan ziyod, ularning harakati, xarakteri, ustidagi yuklari ham boshqa-boshqa. Sahroni aks ettirish uchun sahro o‘simliklari va hatto jonivorlari ham joylashtiriladi.
65 yoshni qarshilayotgan bu inson doim izlanishda. Yoshligidan mehr bergan kasbini rivojlantirishga, bir-birini takrorlamaydigan obrazlar yaratishga ishtiyoqi baland.
- Oddiy oilada kamol topganman, otam xo‘jalik ishchisi, onam uy bekasi, - deydi usta haykaltarosh Umurzoq Sharipov. – Bobomning bobolari usta kulol edi. Ro‘zg‘or buyumlarini yasash, saxovatpeshalikda barchaga ibrat bo‘lgan ekan. U kishining iste’dodi menda namoyon bo‘lgandir, balki 6 yoshligimda o‘choqda qolgan o‘tinlarning qorakuyasidan mo‘yqalam yasab, devorlarga rasm solardim. Keyinchalik loydan turli shakllarni yasay boshladim. U vaqtlar mahallalarda ahillik bor edi. Hamqishlog‘imiz, o‘qituvchi Erkin aka Roziqov mendagi qiziqishni ko‘rib otamga aytgan. Va biz kulolchilik, haykaltaroshlik bilan jiddiy shug‘ullana boshladik. Maktabda ham ustozlarimning saboqlari teatr va rassomchilik instituti haykaltaroshlik fakultetida o‘qishim uchun poydevor bo‘ldi. Oliy dargohda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan haykaltarosh Abdumo‘min Boymatov, rassom Ro‘zi Choriyevlardan saboq oldim.
Narpay tumani xotira maydoniga o‘rnatilgan Motamsaro ona haykali, Oqtosh shahridagi Alisher Navoiy byusti, Abdulla Oripovning Qashqadaryodagi uy-muzeyidagi haykali, Surxondaryoning Termiz shahridagi viloyat onkologiya dispenseridagi Ibn Sino haykali, yurtimizda kamol topgan zabardast baxshilarimizning portreti, Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 100-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internatidagi Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning byusti Umurzoq Sharipovning mehnatlari mevasi. Ularning aksariyati sovg‘a tariqasida tortiq etilgan.
- Bitta haykal, kompoziyasini yaratish uchun ba’zan ikki oy muddat sarflanadi, - deydi U.Sharipov. – Bu insondan kuchli sabr-toqatni talab etadi. Yasagan haykallarim uzoq muddat saqlanishi uchun uni temir betondan yasayman. Albatta, kattagina mablag‘ talab etiladi. Nolimayman, 60 nafardan ziyod shogirdlarim, farzandlarim, nevaralarim kasbimning davomchilari.
Haykaltarosh yurtimiz siyosiy arboblari, jadid bobolarimiz byustlaridan iborat uy-muzeyi hamda muzey qoshida mo‘’jazgina kutubxona tashkil etish niyatida.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.