Shov-shuvli tashabbuslar, muzokaralar, takliflar ko‘p, lekin aniq natijalar yo‘q

Tramp va Putinning uchrashuv tashabbuslari ortidan turli diplomatik qarashlar yuzaga kelmoqda.

Tramp ma’muriyatidagi yuqori lavozimli manbaa Politico nashriga ma’lum qilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif etgan. Biroq Putin bu taklifni rad etib: «Siz ishtirok etmasangiz ham bo‘ladi. Men uni yakkama-yakka ko‘rishni istayman», degan. Shundan so‘ng Tramp jamoasi ushbu masala yuzasidan ish olib bora boshlagani, Stiv Uitkoff esa jarayonga mas’ul etilgani xabar qilinmoqda.

Shu bilan birga, AFP agentligi Putin Tramp bilan kechki telefon muloqoti davomida Zelenskiy bilan Moskvada uchrashish taklifini bildirganini qayd etadi. Siyosiy kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, bunday tashabbus diplomatiya tarixidagi eng g‘ayrioddiy takliflardan biri sifatida baholanishi mumkin.

Xitoy – Ukraina xavfsizligi kafolati
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilishga tayyor ekanini bildirdi va Xitoyni ehtimoliy garantlardan biri sifatida tilga oldi. Bu haqda Axios agentligi manbalarga tayanib xabar bermoqda.

Nashrga ko‘ra, bu Vladimir Putinning Ukraina xavfsizligini ta’minlash jarayoniga NATO qo‘shinlarini jalb qilishni istamasligidan dalolatdir. AQSh prezidenti Donald Tramp esa alyans bu vazifada ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, u bunday kafolat sifatida Ukrainada Amerika qo‘shinlarini joylashtirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmayapti.

Bundan avval AQSh rahbari Yevropa ittifoqchilari bilan birgalikda Kiyev uchun NATOdan tashqari kafolatlarni muhokama qilgan, ammo ular NATO ustaviga o‘xshash tarzda shakllanishi nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, agar NATOning bir a’zosiga hujum qilinsa, bu barcha a’zolarga qilingan hujum sifatida qabul qilinadi.

Shveysariya Putinni Jenevada hibsga olmaslikka va’da berdi
Xabaringiz bor, 2023 yilda Xalqaro jinoyat sudi Ukraina okkupatsiya qilingan hududlaridan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish aybi bilan Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovaga nisbatan hibs orderi chiqardi.

Shunga qaramasdan, agar Vladimir Putin Ukrainada tinchlik muzokaralari uchun Jenevaga kelsa, Shveysariya unga immunitet taqdim etadi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Inyasio Kassis ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Xalqaro jinoyat sudi chiqargan hibs orderiga qaramasdan qabul qilingan.

Aynan Jeneva prezident Vladimir Zelenskiy va Putin uchrashishi mumkin bo‘lgan maydon sifatida ko‘rilmoqda. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron kecha shu shaharni taklif etdi. Shu bilan birga, Reuters xabariga ko‘ra, muzokaralar Budapeshtda ham o‘tishi mumkin. Vengriya hukumati 2025 yil may oyida Putinga siyosiy yaqinligini ko‘rsatib, Xalqaro jinoiy suddan chiqish haqida qaror qabul qilgan edi.
Sky News ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv Yevropada o‘tkazilishi kerak. Mumkin bo‘lgan maydonlar sifatida Istanbul va Minsk ham tilga olinmoqda.

Ukraina foydasiga muhokamalar
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, NATO harbiy yetakchilari bugun Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilish va keyingi qadamlarni rejalashtirish uchun yig‘iladi. 19 avgust kuni yevropalik amaldorlar Ukrainaga Britaniya va Fransiya qo‘shinlarini yuborish rejasini muhokama qildilar. Gap tinchlik kelishuvi doirasida qo‘shinlar soni va ularning joylashuvi haqida ketmoqda. Agar Ukrainadagi harbiy harakatlar to‘xtasa? yaqin kunlarda yevropalik harbiy amaldorlar AQSh bilan uchrashib, «xavfsizlikni ta’minlash kuchlarini joylashtirishga tayyorgarlik boshlaydi».
Albatta, Rossiya NATO qo‘shinlarining Ukrainada joylashishiga keskin qarshi.

G.Xoldorova tayyorladi.