Viloyat darajasidagi jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sudlar birlashtirilib, yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi

Sud ostonasiga qadam qo‘yayotgan har bir inson O‘zbekistonda adolat hukm topayotganiga, inson haq-huquqlari davlat himoyasida ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak. Buning uchun esa sudyalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari bo‘lishi lozim.

Ayni maqsad yo‘lida keyingi yillarda sohada amalga oshirilgan islohotlarni nafaqat huquqshunos va shu tizim vakillari, balki butun xalqimiz ko‘rib, his qilib turibdi. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, sud idoralari adolat qo‘rg‘oniga aylanishi uchun nimaki zarur bo‘lsa – moddiy-texnika bazami, bilimli zamonaviy kadrlarga ehtiyojmi yoki aholi huquqiy madaniyatini oshirishmi – barchasi amalga oshirilmoqda. Natijada sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash yo‘lida salmoqli qadamlar tashlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 24 iyul kuni qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon ham bu boradagi yana bir muhim tarixiy hujjat bo‘ldi.

Mazkur farmon fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, odil sudlovga erishish, qolaversa, xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilishda muhim huquqiy asos bo‘lib qolishi, shubhasiz.

Farmon bilan sud tizimining ichki tuzilmasi tartibga solinmoqda. Viloyat sudlarining hozirgi tuzilmasida yagona sud amaliyotini shakllantirishga to‘sqinlik qilayotgan holatlar mavjud edi. Xususan, bu ko‘proq sudlarning tarqoqligidan fuqarolar va tadbirkorlar sarson bo‘layotgani, alohida faoliyat yuritishi sinovdan o‘tgan xorijiy amaliyotga to‘g‘ri kelmasligi kabi muammolar bilan bog‘liq. Endi esa mamlakatimizda viloyat darajasidagi jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sudlar birlashtirilib, yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi.

2021 yil 1 yanvardan e’tiboran uch yo‘nalishdagi sudlar negizida yagona sud tashkil etilib, menejer maqomiga ega bo‘lgan viloyat sudi raisi faoliyat olib boradi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda viloyat sudining har bir hay’atida 6 nafardan 19 nafargacha sudyadan iborat alohida jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha hay’atlar tashkil etiladi. Bu albatta, fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Biz uchun yana bir e’tiborli jihati, fuqarolarning haq-huquqlari tiklanishi va sarson bo‘lishining oldini olish maqsadida Samarqand viloyatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi tashkil etilmoqda. Besh yuz mingdan ortiq aholi yashaydigan Urgut tumani aholisi

uchun katta qulaylik, adolatli qarordir.

Farmonga ko‘ra, endilikda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy malaka hay’atining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hay’atlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqi berilmoqda.

Shuningdek, Farmon bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti tugatilmoqda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarori, hukmi, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilinmoqda. Bu qoidalar sud qarorlarining har tomonlama puxta, qonun va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlarga to‘la muvofiq qabul qilinishini, sudyalarning mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Farmon bilan jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda, taraflar ishtirokida qabul qilish tartibini belgilovchi, jinoyat ishining umumiy tartibda ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlovchi va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichi kiritilmoqda.

Endilikda tumanlararo, tuman va shahar sudlarining qarorlari viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlari esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari tomonidan apellyasiya tartibida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Apellyasiya tartibida ko‘rib chiqilgan sud qarorlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atlari tomonidan kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va o‘rinbosarlari protestiga ko‘ra, kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqish, davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga ko‘ra, jinoyat ishini tugatish, prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori bo‘yicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina, suddan chaqirib olib o‘rganish, qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo‘zgatilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokuror o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish tartiblarining joriy etilishi ham odil sudlov samaradorligini oshirishning muhim qadamlaridir.

Qolaversa, Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sudlov tarkibining tuzilishi investorlar huquqlarining sud orqali himoyalanishining muhim shartidir. Bunda sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada 20 million AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar va davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish vakolati berilmoqda. Bu bilan yirik investorlarning qonuniy haq-huquqlarining sud orqali ishonchli himoya qilinishi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini mustahkamlashda muhim omil sanaladi.

Umuman, mazkur farmon bilan mamlakatimiz sud-huquq tizimiga kiritilayotgan yangilik va o‘zgarishlar ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlarning navbatdagi bosqichi sifatida sud idoralarining chinakam adolat qo‘rg‘oni, fuqarolar qonuniy haq-huquqlarining himoyachisiga aylanishiga xizmat qiladi.

Bayramali NOROV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisi vazifasini bajaruvchi.