Yozuvdagi xatoliklarga qarshi kurashilmasa, millat kelajagi xavf ostida qoladi

Rasul Hamzatov “Ona tilim” she’rida millatining tilini “jonimga masihdir”, deb e’tirof etgandi. O‘lgan tanaga jon baxsh etguvchi mo‘’jiza – til edi. Darhaqiqat, millatning millat bo‘lib shakllanishida til muhim ahamiyat kasb etadi. Uning ohangi, jilolari biz hali beshikdaligimizdayoq onamiz allasi bilan qulog‘imizga singadi, qalbimizga kirib boradi.

E’tibor berganmisiz, yuzlab turli tillarda so‘zlashuvchi odamlar orasida, qanchalik shovqin bo‘lmasin, agarda kimdir sizning tilingizda gapirayotgan bo‘lsa, siz shuni eshitasiz. Beixtiyor uni qidirishga tushasiz. Millat tilining – ona tilining ana shunday sehri bor.

Bir qarasam har shevangda ming jilolar,

Har novdangda, har mevangda ming jilolar. (Muhammad Yusuf)

Dunyoda mavjud minglab tillar ichida o‘zbek tili – bizning milliy tilimiz, borlig‘imiz va borligimizni ko‘rsatib turuvchi asosiy boyligimizdir. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga bu yil 31 yil to‘ldi. Shuncha muddat ichida bu sohada juda ko‘plab ishlar amalga oshirildi va bu hali ham davom etmoqda. Negaki, biz hali mamlakatda til borasidagi siyosatimizni takomillashtirishimiz, o‘zbek tilini rivojlantirishimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, uni o‘zligimizga aylantirishimiz uchun izchil va ta’sirchan choralar amalga oshirilishi lozim.

Ona tiliga hurmat ko‘rsatish, unga e’tiborli bo‘lish orqali millatimizning kelajagiga e’tibor qilgan bo‘lamiz. Bugungi kunda aksariyat kishilar, ayniqsa, yoshlar ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadi. Tarmoqlardagi yozishmalarga, SMS xabarlarga e’tibor bersak, xunuk manzaralarning guvohiga aylanamiz. Ya’ni, lotin yozuvida “sh” o‘rniga “w”, “ch” o‘rniga “4”, “o‘” o‘rniga “6” kabi almashtirishlar, juda ko‘p imloviy xatoliklar bilan yozish holatlari ona tilini hurmat qiladigan har qanday kishining dilini xira qiladi. Ko‘chalarda yoki binolar peshtoqlarida o‘rnatilgan reklamalar esa alohida masala. Agarda bu kabi holatlarga hozir, ayni damdan kurashilmasa, to‘g‘ri tushuntirilmasa, millat kelajagi xavf ostida qoladi. Chunki yosh avlod xatoliklarni ko‘rib, shunday bo‘lar ekan degan, xulosa bilan o‘sadi.

Davlat rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida ma’ruza qilgani juda yorqin hodisa bo‘ldi va bu ona tilimizning nufuzini jahon hamjamiyati oldida yuksaltirdi.

“Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonining qabul qilinishi va unga muvofiq, 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlarining tasdiqlanishi ona tilimizni yanada rivojlantirish va takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Zafar KARIMOV,

“Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyati bo‘linmasi rahbari, viloyat hokimi maslahatchisi.