1-sinfga qabul jarayonlari qanday amalga oshiriladi?
Umumiy o‘rta ta’lim maktablariga bolalarni 1-sinfga qabul jarayoni Vazirlar Mahkamasining qarori hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.
- Viloyatda 2024-2025-o‘quv yilida 86415 nafar bola 1-sinfga qabul qilinishi bo‘yicha birlamchi prognoz ro‘yxati shakllantirilgan, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining shu’ba rahbari Nizomiddin Odilov. - Shundan davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablariga 84 804 nafar, boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi ta’lim muassasalariga 65 nafar, nodavlat ta’lim muassasalariga 1546 nafar maktab yoshiga yetgan bolalar qabul qilinadi.
Yangi o‘quv yilida 1-sinfga qabul qilinadigan bolalardan o‘zbek sinflariga 77632 nafar, rus sinflariga 8123 nafar, tojik sinflariga 660 nafar bola qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Qaysi hududlar onlayn hujjat topshiradi?
Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida bolalarni umumiy o‘rta ta’lim maktablariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining elektron davlat xizmatlari portali (my.maktab.uz) orqali onlayn shaklda ota-ona va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Qabul jarayoni qachongacha davom etadi?
Qabul jarayoni davlat xizmatlari va an’anaviy shaklda bo‘lishidan qat’iy nazar bolalarni maktablarga qabul qilish muddati 20 iyundan 1 avgustga qadar biriktirilgan mikrohudud doirasida, 1-15 avgustga qadar mikrohududdan tashqari hududlardan amalga oshiriladi.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga bolalar ular yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi. Ya’ni, 2024-2025-o‘quv yilida 2017 yilning 31 dekabr kunigacha tug‘ilganlar olinadi.
Davlat xizmati joriy etilmagan tumanlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga 1-sinfga qabul jarayonlari umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi (an’anaviy shaklda) hamda maktabga qabul qilingan o‘quvchilar vazirlikning elektron tizimi (adm.maktab.uz)ga maktab rahbariyati tomonidan kiritiladi.
2024 yil 30 avgustiga qadar 1-sinfga qabul qilingan bolalar uchun 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari vazirlikning elektron tizimi (adm.maktab.uz)ga kiritilgan bolalar soniga mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim maktablariga yetkazib beriladi.