167 ta maktabda ta’lim sifati qoniqarsiz deb topilgan

Ta’lim inspeksiyasi tomonidan 2020 yil rejasiga muvofiq 2020 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari ta’lim sifatini ta’minlash faoliyatiga baho berilib, 167 ta maktabda ta’lim sifati qoniqarsiz deb topilgan.

Bu haqida Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev Ta’lim inspeksiyasi tomonidan 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

– 2020 yilda rejaga asosan jami 2020 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari ta’lim sifatini ta’minlash faoliyatiga baho berildi, – dedi Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i. - Natijada ularning 1853 tasi akkreditatsiyalandi va 167 ta maktabda esa ta’lim sifati qoniqarsiz deb baholandi. Ta’lim sifati past deb e’tirof etilgan maktablar faoliyatini yaxshilash maqsadida ular xalq ta’limi bo‘limlarining metod xizmatlariga biriktirildi, tajribali pedagog-ekspertlarni jalb qilgan holda ta’lim sifatini yaxshilash amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, o‘tgan yil davomida 788 ta maktab faoliyatida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha hududiy hokimliklar va Xalq ta’limi boshqaruv organlariga taqdimnomalar kiritildi. Natijada mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 87 nafar rahbar xodimlarga vakolatli organlar tomonidan intizomiy choralar ko‘rilishi ta’minlandi.

Xususan, 22 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 4 nafarining oylik maoshiga nisbatan jarima qo‘llanildi, 24 nafariga hayfsan e’lon qilinib, 37 nafari majburiy malaka oshirishga yuborildi.