AQSh Afg‘oniston va Iroqdagi ishtirokini qisqartiradi

Afg‘oniston va Iroqdagi Amerika kontingenti (faoliyat yurituvchi shaxslar guruhi) sonini 15 yanvarga qadar har bir mamlakatda 2500 kishiga kamaytirmoqchi. Bu haqda AQSh mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Kristofer Miller ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror “Prezident Tramp topshirig‘i va kuchlarni qayta guruhlash rejasiga” muvofiq qabul qilingan. Miller mazkur mamlakatlardagi Amerika ishtirokining qisqarishi AQSh rejasi va strategik manfaatlariga to‘g‘ri kelishini alohida ta’kidladi.

Ayni vaqtda Afg‘onistonda 4500 nafar, Iroqda 3000 nafar amerikalik askar joylashtirilgan. Davlat kotibi Mayk Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, AQSh 2021 yilning may oyiga qadar Afg‘onistondagi barcha harbiylarini mamlakatdan olib chiqishni rejalashtirgan.