AQShda anomal sovuq qurbonlari 38 kishiga yetdi

Amerika shtatlarida g‘ayritabiiy sovuq havo tufayli qurbonlar soni ko‘paydi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 38 kishi vafot etgan, bundan oldin 29 qurbon haqida ma’lumotlar keltirilgan edi, deb xabar beradi The New York Times.

Halok bo‘lganlarning aksariyati Texasda qayd etildi. Shuningdek, Shimoliy Karolina, Oklaxoma, Kentukki va Tennesi shtatlarida turli holatda halok bo‘lganlar bor.

Meteorologlar shimoliy-sharqiy va shimoli-g‘arbiy hududlarda yashovchilarni past harorat davom etishi, qor va muzli yomg‘ir yog‘ishi haqida ogohlantirmoqda. Bundan tashqari, mamlakat janubi-sharqida, shuningdek, Meksika ko‘rfazining markaziy qirg‘og‘ida tornado va kuchli momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda.

Gazetada yozilishicha, Texasda elektr energiyasiz qolgan amerikaliklar soni 537,8 ming kishiga kamaydi, 490 mingdan ortiq odam hanuz tanqislikdan aziyat chekmoqda. Asosan, Missisipi, Luiziana, Oregon va Kentukki shtatlarida ahvol og‘ir. 7 millionga yaqin odamga muammo tug‘dirgan g‘ayrioddiy sovuq ichimlik suv ta’minoti tizimining ishiga va sifatiga ham ta’sir qildi. Texas aholisiga ichimlik suvni qaynatib ichish tavsiya etildi.

25 yil ichida birinchi bor g‘ayritabiiy sovuq Buyuk Britaniyaga ham yopirildi. Xususan, Shotlandiyada havo harorati minus 20 darajagacha pasaygan.