Boltiq dengizi ko‘p yillar davomida birinchi bor muzladi

Sharqiy Yevropaga yopirilgan "Sibir sovuqlari", nafaqat Boltiq dengizini, balki issiq o‘lkalardan bo‘lgan Afina va Istanbulni ham arktik peyzaj bilan bezatdi.

Polshaning kurort shahri - Mendzizdroy turistlari noyob manzaraning guvohi bo‘lishdi. Kuchli sovuq tufayli Boltiq dengizi ko‘p yillar davomida birinchi marta o‘z sohillari bo‘ylab muzlab qoldi. Qumli plyaj va bepoyon suvdan iborat bo‘lgan qirg‘oq chizig‘i qor va muzning arktik landshaftiga aylandi. Natijada paydo bo‘lgan oq dalalar yuzlab metr kenglikda yastanib yotibdi. Qo‘shni hududlar aholisi qishki ekzotik manzarani tomosha qilishga shoshilmoqda.

"Ajoyib, juda chiroyli. Biz dengizga 25 yildan beri kelamiz, lekin bunday tabiat manzarasini ko‘rmadik", deydi sayyohlardan biri.

Qish manzaralari issiqsevar Istanbulni ham bezatdi. Avliyo Sofiya va Moviy masjidi qor bilan bezanib g‘ayrioddiy, sirli ko‘rinish kasb etgan. Meteorologlarning ma’lum qilishicha, sovuq havo ertaga, 19 fevralgacha saqlanib qoladi.

Anomal qish Yunonistonni ham chetlab o‘tmadi. U yerda harorat minus 20 darajagacha pasaygan. Hukumat fuqarolarga murojaat qilib, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikni so‘radi. Afinani shimoliy hududlar bilan bog‘laydigan mamlakatning asosiy avtomagistral yo‘li qor bosgani sababli yopilishi kerak.

Qrimni ham qor qoplagan, g‘ayritabiiy ob-havo yo‘llarda katta tartibsizlik keltirib chiqardi. Hozir u yerda odatdagidan 10 daraja sovuq.

Ha, qahraton beshafqat va qahr-g‘azabli bo‘lgani bilan unda joziba, sirlilik hamda hukmdorlik va qudrat mujassam.

G.Xoldorova tayyorladi.