Bosh prokuratura qamoqxonada vafot etgan mahkum yuzasidan bayonot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining 64/18-sonli muassasasi (Sangorod)da qiynoqqa solingan mahkum F.Xidirov vafot etganligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Bosh prokuratura bergan ma’lumotga ko‘ra, mahkum Xidirov Farrux Anvarovich 2020 yil 3 iyun kuni Navoiy viloyatida joylashgan 11-son jazoni ijro etish koloniyasidan davolanish uchun O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan kasalxonasiga keltirilib, sil kasalliklar bo‘linmasiga davolanish uchun joylashtirilgan.

2020 yil 18 iyun kuni soat 05:45 da shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, u vafot etgan.

Mahkum F.Xidirov 1975 yil 27 noyabrda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida tug‘ilgan. Muqaddam to‘rt marotaba sudlangan.

So‘nggi, ya’ni 5-marotaba 2010 yil 18 oktyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybdor deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan.

Shifokorlar bergan tibbiy xulosaga ko‘ra, marhum mahkum F.Xidirov ikkala o‘pka yallig‘langan sili, surunkali virusli gepatit (S), o‘pka yurak yetishmovchiligi hamda boshqa bir qator inson hayoti uchun o‘ta xavfli bo‘lgan kasalliklarga chalingan bo‘lib, ularning aksariyati uning salomatligiga bir muncha avvalroq jiddiy salbiy ta’sir o‘tkazgan.

Xususan, uning shifoxonada vafotiga yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan inson hayoti uchun o‘ta xavfli kasalliklarning surunkali kuchayishi oqibatida yuzaga kelgan asoratlar sabab bo‘lgan.

Mahkum F.Xidirovning o‘limi holati yuzasidan Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, uning vafot etganligi holatida biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli 2020 yil 26 iyunda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston qonunchiligida yolg‘on va noto‘g‘ri axborotlarni tarqatganlik uchun tegishli javobgarlik belgilanganligini, shuningdek, har bir fuqaro o‘z huquqlari qatorida majburiyatlarini ham to‘liq anglab yetishi lozimligini bildirib o‘tamiz.