Jazo muddatini o‘tayotgan 38 nafar samarqandlik shaxs afv etildi

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 5 dekabrda imzolagan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 483 nafar shaxs afv etildi.

Ularning 38 nafari Samarqand viloyati hududida yashovchilardir.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, afv etilgan 38 nafar shaxs (shulardan 2 nafari ayol) muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod etilgan. Shuningdek, mazkur farmonga asosan viloyat IIB probatsiya bo‘linmalari hisobida turgan 8 nafar voyaga yetmagan shaxs ham jazodan to‘liq ozod etilgan.

Kelgusida ushbu afv etilgan shaxslar bilan joylardagi mas’ullar tomonidan ularning oilaviy ahvoli o‘rganilib, mahallalarda ularga murabbiy biriktiriladi. Jamiyatga ijtimoiy moslashtirish maqsadida bir martalik moddiy yordam ajaratiladi, tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi hamda foydali mehnatga jalb qilish maqsadida bandlik bo‘limlari tomonidan ishga joylashtirish masalalari ko‘riladi.