Bulung‘urlik 14 nafar mahkum shartli ravishda jazodan ozod etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining 1-o‘rinbosari B.Islomov rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi tomonidan Samarqandda sud-huquq masalalari bo‘yicha ommaviy sayyor qabullar bo‘lib o‘tdi.

Xususan, Toyloq tumanida o‘tkazilgan ommaviy qabulda Bulung‘ur, Jomboy, Toyloq hamda Urgut tumanlari fuqarolarining murojaatlari tinglandi.

Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi, Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Sudyalar Oliy Kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya vazirliklari hamda Davlat bojxona qo‘mitasi rahbar xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan ommaviy sayyor qabulda Bulung‘ur tumani IIB probatsiya guruhi hisobida turuvchi, nazorat ostidagi shaxslarning 14 nafarining ham murojaati tinglandi.

Mazkur murojaat jinoyat ishlar bo‘yicha Bulung‘ur tumani sudi tomonidan o‘rganilib, ular Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan shartli ravishda ozod etildi.