28 nafar samarqandlik mahkum afv etildi

Konstitutsiya qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbari farmoni bilan respublikamiz bo‘yicha 182 nafar shaxs afv etildi.

Viloyat IIB probatsiya bo‘limi katta inspektori Nodir Karimovga ko‘ra, afv etilganlar orasida 28 nafar samarqandlik mahkum ham bo‘lib, ularning o‘z uylariga qaytarilishi onalari, ayollari, farzandlari qalbini shodlikka to‘ldirdi.

Oilasi bag‘riga qaytgan sobiq mahkumlarning katta qismi Urgut tumani (10 nafar) va Samarqand shahri (5 nafar)da doimiy ro‘yxatdan o‘tgan. Shuning­dek, afv etilganlarning 1 nafari ayol kishi, 3 nafari 60 yoshdan oshgan fuqarolardir.

Jazodan ozod etilganlar bilan suhbatlashar ekansiz, qilgan ishlaridan pushaymonliklarini ta’kidlab, bildirilgan ishonch uchun xalqimizga, hukumatimizga minnatdorlik bildirmoqda. Bundan buyon halol ishlab, oilasi va yurtimizga naf keltirishga va’da berayotir.

Albatta, ularning jamiyatga moslashuvini ta’minlash, har tomonlama yordam ko‘rsatish dolzarb vazifalardan sanaladi. Bu borada tegishli idoralar bilan hamkorlikda zarur choralar ko‘riladi.