Afv etilganlar hayotga moslashmoqda
Ramazon hayiti arafasida davlatimiz rahbari tomonidan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida” farmon qabul qilindi. Unga ko‘ra, bilib-bilmay jinoyat qilgan, qilmishidan pushaymon bo‘lgan va qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tgan 100 nafar fuqaro avf etildi.
Afv etilganlar orasida 16 nafar samarqandliklar ham bor.
– Ularning 3 nafarini o‘talmay qolgan jazo muddatlari axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilganlar, 1 nafarini jazo muddatidan to‘liq, 12 nafarini jazo muddatlaridan ilgari shartli ravishda ozod etilganlar tashkil etdi, – deydi viloyat IIB probatsiya bo‘limi katta inspektori Nodir Karimov. – Bu fuqarolar afv etilishi, ozodlikka chiqishi bilan endi e’tibordan chetda qoldi, degani emas. Ularni ijtimoiy muhitga moslashtirish, hayotda o‘z yo‘llarini topib olishlariga yordam berish lozim. Shu maqsadda afv etilganlar bilan zarur profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Avvalo, ular to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ijtimoiy ko‘nikma markazlari tomonidan bir martalik moddiy yordam olishlari uchun yo‘llanmalar berildi. 1 nafarining fuqarolik pasporti yo‘qligi, 3 nafarining pasporti eski namunada bo‘lganligi sababli ularga yangi namunadagi kartalar berildi. Afv etilganlarning 1 nafari ikkinchi guruh nogironi ekanligi, 1 nafari nafaqa yoshiga yetganligi tufayli byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Bulung‘ur tuman bo‘limi bilan hamkorlikda nafaqaga chiqarish bo‘yicha tegishli hujjatlari rasmiylashtirildi. Qolgan 14 nafarini ishga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda. Kelgusida ular tomonidan takroriy jinoyatlar sodir etilishining oldini olish uchun mahalla faollaridan murabbiylar biriktirildi. O‘z navbatida viloyat sektor rahbarlari tomonidan afv etilganlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning muammolari o‘rganildi. Bu jarayonda 1 nafar fuqaro uy-joyga muhtojligi, 2 nafarining uy-joyi ta’mirtalabligi ma’lum bo‘ldi, 2 nafari imtiyozli kredit olish niyatida ekanligini bildirdi. Hozirda bu muammolarni mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Samarqand shahar Mehnat mahallasida yashovchi Hamrotosh Ernapasova qariyb 7 yarim yil farzandi Obidjon Ernapasovning yo‘liga ko‘z tikib, kunni tunga, tunni kunga ulab yashadi. Davlat rahbarining afv etish to‘g‘risidagi farmoni bilan Obidjon ham kechirilib, oilasi, onasi bag‘riga qaytdi.
– Bu bag‘rikenglikdan boshimiz ko‘kka yetdi, – deydi H.Ernapasova. – Hayitda oilamiz ham, ko‘nglimiz ham to‘ldi. Farzandim endi hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlab, jamiyatimizga xizmat qiladi, Prezidentimizning afvi qadriga yetib, bu ishonchni oqlaydi, albatta.
Samarqand shahrining Jo‘yichuqur mahallasida yashovchi Akmal Qayumov ham Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. 5 yarim yil jazo muddatini o‘tagach, afv etilib jazodan ozod etildi.
– Besh yil ko‘p narsani o‘ylash, xulosa chiqarish uchun yetarli vaqt bo‘ldi, – deydi Akmal Qayumov. – Bu vaqt davomida oila a’zolarim qanchalik qiynalgani, ruhan ezilganini yaxshi anglayman. Shuning uchun endi faqat halol mehnat qilib, oilam uchun, elga xizmat qilib yashayman. Prezidentimizning bag‘rikengliklari qadriga yetib, ishlashni o‘z oldimga qat’iy maqsad qilib qo‘yganman.