Afv etilganlarga hokimlik yordam beradi

Xabar berganimizdek, Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra, Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 21 nafar samarqandlik mahkum jazodan ozod etilgandi.

Bu shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashishi, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish maqsadida hokimliklar, tegishli tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilangan.

Jumladan, viloyat hokimligida afv etilgan fuqarolar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ularning uy-joy, ish bilan ta’minlash, salomatligi va boshqa masalalar yuzasidan muammolari, kelgusidagi maqsad va rejalari eshitildi. Bildirilgan muammoli masalalar bo‘yicha yordam ko‘rsatish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

– 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgandim va 2 yil 4 oy jazo muddatini o‘tadim, – deydi Past Darg‘om tumanidagi Po‘latchi mahallasida yashovchi F.Eshmurodov. – Prezidentimizning 27 avgustdagi farmoni bilan afv etilib, muddatidan avval jazodan ozod qilindim. Buning uchun davlatimiz rahbaridan minnatdorman. Yana oilam bag‘ridaman. Xatolarimni anglab, bundan tegishli xulosa chiqarib oldim. Endi faqat halol mehnat qilib, ro‘zg‘or tebrataman, jamiyatda o‘z o‘rnimni topishga intilaman. Novvoylik bilan shug‘ullanmoqchiman. Bu borada tuman hokimligi menga yordam beradigan bo‘ldi.

Samarqand tumani Mo‘liyon mahallasida yashovchi, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan 2,5 yil oldin ozod etilib, afv qilingan B.Sherboyev kichik non sexi tashkil etish rejasi borligini aytib, uskuna xarid qilishda yordam so‘radi. Hokimlik tomonidan bu masalada unga moddiy va ma’naviy ko‘mak berilishi aytildi.

H.Eltoyev.