Samarqandlik 67 nafar shaxs afv etildi

Davlatimiz rahbarining muborak Ramazon hayiti arafasida qabul qilingan farmoniga ko‘ra, jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 541 nafar shaxs afv etildi.

Bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish xalqimizga xos noyob fazilat. Bu davlatimiz siyosatida ham aks etib, jinoiy qilmishi uchun jazo o‘tayotgan shaxslar turli bayram va muhim sanalar oldidan Prezidentimiz tomonidan afv etilmoqda. 

Bu galgi farmon ham Ramazon hayiti kunlarida 540 dan ortiq xonadonga quvonch, shodlik olib keldi. Nojo‘ya xatti-harakati uchun jazolangan va bu qilmishidan xulosa chiqarib, pushaymon bo‘lgan shaxslar davlat rahbarining bag‘rikengligidan bahramand bo‘lib, bayramni oilasi bag‘rida nishonladi. 

Jumladan, Samarqand viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalari va ichki ishlar idoralari probatsiya organlarida jazo muddatini o‘tayotgan 67 nafar shaxs farmon asosida avf etildi.

Viloyat IIB probatsiya bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, afv etilganlarning 52 nafari ichki ishlar organlari probatsiya hisobidan to‘liq, 15 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. Ularning 51 nafarini erkaklar, 16 nafarini ayollar tashkil etadi. Oltmish yoshdan oshganlar – 15 nafar.

Narpaylik M.Yo‘ldoshev davlatimizning bag‘rikenglik siyosatidan bahramand bo‘lgan shaxslardan biri. U Jinoyat kodeksining 270 va 273-moddalari bilan ayblanib, ozodlikdan mahrum etilgan edi.

– Qilayotgan ishimning oqibatini o‘ylamay bu nojo‘ya ishga qo‘l urganim oqibati nima bo‘lishini ko‘rdim, – deydi M.Yo‘ldoshev. – Bu bilan oila a’zolarimni qiyin ahvolga solib qo‘ydim. Pushaymonligim inobatga olinib, afv etilganim uchun Prezidentimizdan minnatdorman. Endi faqat to‘g‘ri hayot kechirib, halol mehnat qilib, ro‘zg‘or tebrataman.

Endilikda mahalliy hokimliklar va mutasaddi idoralardan afv etilgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi.