28 nafar samarqandlik afv etildi
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan insonparvarlik siyosatning amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Hujjat asosida, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga ko‘ra, sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya organlarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 402 nafar shaxs afv etildi.
Viloyat IIB axborot xizmati rahbari J.Sa’dullayevning qayd etishicha, afv etilganlar orasida 28 nafar samarqandlik ham bo‘lib, ularning o‘z uylariga qaytarilishi yaqinlarining qalbini shodlikka to‘ldirdi.
Afv etilganlarning 3 nafari ayollar.
Oilasi bag‘riga qaytgan shaxslarning ish hujjatlari bilan tanisharkansiz, ularning aksariyati 2021 yilning so‘nggi oylari yoki joriy yilning boshlarida panjara ortiga tushganiga guvoh bo‘lish mumkin. Shu jihatdan, ularning oilasi bag‘riga qaytarilishi kelgusida qayta bu yo‘lga yurmasliklari uchun katta imkoniyat deyish mumkin.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishlari uchun tegishli choralar ko‘riladi.