Bugun Samarqandda katta futbol! “Dinamo” “Bunyodkor”ga qarshi

Samarqand klubi turnir peshqadamligi uchun maydonga tushadi

Superliganing 13-turida Samarqandda katta to‘qnashuv kutilayapti.

“Dinamo” va “Bunyodkor” o‘ziga xos an’analariga ega, ikki maqsad, ikki turli ruhiyatdagilar to‘qnashuvidir. Bu uchrashuvda nafaqat uch ochko, balki ustunlik an’analari, turnir kurashidagi pozitsiya va muxlislar ishonchi uchun ham kurash bo‘ladi.

Samarqandda "qaldirg‘ochlar" hech qachon yengilmagan, ammo bu gal ularga mag‘lubiyat bilmas “Dinamo” va tajribali Vadim Abramov to‘siq bo‘lib turibdi.

Bu to‘qnashuvda “Dinamo” chempionlik uchun yanada jiddiy da’vogarga aylanishi, “Bunyodkor” esa qulayotgan kayfiyatni to‘xtatib, qayta ko‘tarilishga intilishi mumkin. Quyida ushbu bahs oldidan jamoalar holati, tarixiy raqamlar va turnir jadvali intrigasi haqida batafsil.

Samarqandda sinovdan o‘tgan “Bunyodkor” an’anasi
“Bunyodkor” jamoasi uchun Samarqand – omadli shahar. Klub o‘z tarixida “Dinamo” mehmoni bo‘lgan 13 ta uchrashuvning birortasida mag‘lub bo‘lmagan. Ushbu bellashuvlarning 11 tasida “qaldirg‘ochlar” g‘alabaga erishgan, 2 o‘yin esa durang bilan yakunlangan. Bu o‘ziga xos an’ana, bugungi uchrashuv oldidan “Bunyodkor” uchun katta psixologik afzallik hisoblanadi.

Vadim Abramov jamoasi — mag‘lubiyatni unutganlar safida
Samarqandning “Dinamo” klubi joriy mavsumda Superligada mag‘lubiyatga uchramayotgan ikki jamoadan biri. “Nasaf”dan keyingi mag‘lubiyatsiz jamoa aynan Vadim Abramov shogirdlari bo‘lib turibdi. “Dinamo” oxirgi marta 2023 yilning noyabrida, 25-turda “Andijon”ga yutqazgandi. Shu paytdan buyon jamoa barqaror o‘yin namoyon etmoqda.
...

“Dinamo” g‘alaba orqali chempionlik intrigasini to‘liq jonlantirishni istaydi. “Bunyodkor” esa so‘nggi o‘yinlarda yo‘qotilgan ishonchni tiklash va navbatdagi bosqichga umid bilan qarashni xohlaydi. Maqsad turlicha — ammo motivatsiya yuqori. Shu sababli, bu kechada nafaqat tarix, balki kelajak uchun kurash kechadi.

Superliga. 13-tur
📆 23 iyun (dushanba)
⛳️ «Dinamo» — «Bunyodkor»
⏱️Bosh hakam: G‘ayrat Jo‘rayev
🖥 VAR hakami: Abdurashid Xudoyberganov
🕰 O‘yin boshlanish vaqti: 20:00
🏟 Stadion: Samarqand, "Dinamo"
📹 Translyasiya: Futbol TV