Bugun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Ushbu sana 72 yildan buyon butun dunyoda bayram qilib kelinadi.
Aslida 1925 yilda Jenevada bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasida ta’sis etilgan. Lekin oradan 25 yil o‘tib, ya’ni 1950 yildan bayram sifatida nishonlana boshlangan.
Aniqrog‘i, 1949 yilda Parijda ayollarning xalqaro demokratik federatsiyasi kongressi bo‘lib o‘tadi. Kongressda bolalarning bardamligi va baxt-saodatining kafolati bo‘lgan tinchlikni ta’minlash uchun doimiy kurash haqidagi shior yangraydi. Urushdan keyingi davrda sayyoramizda yashovchi barcha bolajonlarning sog‘liq va xotirjamligini saqlash dolzarb muammoga aylanib qolgan edi.
1989 yilda BMT Bosh Assambleyasi bolalar huquqlari to‘g‘risida Konvensiya qabul qildi. Unda butun dunyo mamlakatlari uchun bolalar huquqlarini himoya qilishni ta’minlashni joriy qilish to‘g‘risida yozilgan.
Har yili 1 iyun yurtimizda ham katta bayram sifatida nishonlanadi, barcha bolajonlar ardoqda bo‘ladi. Bu yil ham bolajonlar uchun barcha attraksionlar, o‘yingohlar ochiq, turli maroqli tadbirlar tashkil etiladi.
Jumladan, bugun Samarqand shahrining Alisher Navoiy va Kamol Otaturk ko‘chasida bolalar uchun bayram tadbiri va sayil tashkil etiladi. Shuningdek, bugun viloyatdagi barcha madaniy meros ob’yektlari va muzeylarga kirish 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bepul etib belgilandi.