Bulung‘urdagi «Yangi O‘zbekiston» massivining qurilish ishlari sifatli bo‘lyaptimi?
Xabaringiz bor, Urgut hamda Bulung‘ur tumanlarida «Yangi O‘zbekiston» massivlari qurilyapti.
Xususan, Bulung‘ur tumanining Olmazor mahallasi hududidan yangi massiv uchun qariyb 24 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, 56 ta ko‘p qavatli uy-joy, 990 o‘rinli 2 ta maktab, 120 o‘rinli 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, mahalla binosi, oilaviy poliklinika va sport maydonchalari qurilishi belgilangan. Xo‘sh, bugunga qadar hududda qanday ishlar amalga oshirildi?
- “Yangi O‘zbekiston” massividagi ko‘p qavatli uylarning qurilish ishlari 9 ta pudratchi tashkilot tomonidan olib borilmoqda, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Norbo‘ta Sanaqulov. – Massivdagi barcha uy-joylarga markazlashgan ichimlik suvi, issiqlik manbai, tabiiy gaz, elektr va oqova tarmoqlari tortilmoqda. Hududda markazlashgan 1 ta suv inshooti va 1,2 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortish ishlari bajariladi.
O‘tgan yili 308 xonadonga mo‘ljallangan 14 ta 5 qavatli uy foydalanishga topshirilib, hududda vaqtinchalik 1 dona oqova suv inshooti qurildi. Hozirda yana bitta oqova inshootini qurish ishlari olib borilmoqda va joriy yil yakuniga qadar 12,5 kilometr oqova suv tarmog‘i tortiladi va hududdagi barcha ko‘p qavatli uylar oqova ta’minotiga ulanadi.
Ayni paytda massivda 32 ta 5 qavatli uyning qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Bu uylar joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi. 2025 yilda esa maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, mahalla ma’muriy binosi, oilaviy poliklinika va sport maydonchalarida qurilish ishlari to‘liq tugatilib, ob’yektlar foydalanishga topshiriladi.
Massivdagi uylar aholiga subsidiya va 20 yillik ipoteka krediti asosida berilmoqda.
- O‘tgan yil ipoteka krediti asosida 3 xonali uyga boshlang‘ich to‘lov qilib, shu yil ko‘chib keldik, - deydi 32-uyda yashovchi Mahliyo Namozova. – Xonalar yaxshi, issiqlik tizimiga ulangan, elektr, gaz, issiq va sovuq suv bor. Hududda kelgusi yil yangi maktab va bog‘cha, sport maydonchalari ham qurilar ekan va bu farzandlarimiz uchun ayni muddao bo‘lardi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.