“Detskaya akademiya”da bolalar rus tilida saboq oladi
Past Darg‘om tumanidagi Hovuzak, Bo‘ston, Jag‘alboyli, Mehnat mahallalarida zamonaviy jihozlangan, barcha shart-sharoitlarga ega 4 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari ochildi. Ularning har birida ota-onalarning talab va takliflaridan kelib chiqib, bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun qo‘shimcha xizmatlar joriy etildi.
– “Detskaya akademiya” nomli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasamiz 25 nafar tarbiyalanuvchini o‘z bag‘riga olgan, - deydi Hovuzak mahallasida istiqomat qiluvchi tadbirkor Shahnoza Hasanova. – Muassasamiz rus tiliga ixtisoslashgan bo‘lib, ota-onalarning taklifiga ko‘ra, ingliz tili, badiiy gimnastika, shaxmat to‘garaklari faoliyatini ham yo‘lga qo‘yganmiz. Shuningdek, bolalarning bog‘chaga qatnashida qulaylik yaratish maqsadida transport vositasi ajratilgan.
Tadbirkor ushbu oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etishda Koreya uslubidan samarali foydalanib, jihozlash ishlari uchun 76 mln. so‘m mablag‘ sarflagan. Yotoq krovatlarining yig‘iluvchanligi yotoqxona va mashg‘ulotlar xonasini birlashtirishga imkon yaratgan.
Ma’lumot o‘rnida: Bugungi kunda tumanda 23 nafar tashabbuskor-tadbirkor oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etgan bo‘lib, ularda jami 550 nafar tarbiyalanuvchilar ta’lim-tarbiya olmoqda. 2019 yil oxiriga qadar 25 ta oilaviy nodavlat MTM tashkil etilib, ular hisobiga 1175 nafar bolalarni bog‘chalarga qamrab olish rejalashtirilgan.