Bolani bog‘chaga berish inson omilisiz amalga oshiriladi
Avvallari farzandini bog‘chaga joylashtirish ota-onalar uchun qiyin kechardi. Turli idoralarga qatnash, uzun navbatlarda turish, hujjat yig‘ish kabi ishlar ko‘pchilikning dilini xira qilardi. Baxtimizga, raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalar bu eskirgan tizimni butkul o‘zgartirdi.
Bugun maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul jarayoni to‘liq elektronlashgan. Muhimi, ishlar inson omilisiz bajariladi, ya’ni tanish-bilishchilik yoki shaxsiy manfaatlar endi hech narsani hal qilmaydi.
Hammasi xavfsiz va oson
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 20 maydagi 319-sonli qaroriga muvofiq, qabul tizimi ota-onalar uchun maksimal darajada soddalashtirildi. Ma’muriy reglamentga kiritilgan o‘zgarishlar tufayli endi qimmatli vaqtingizni hujjat to‘plashga sarflamaysiz.
Tizimning asosiy afzalliklari va qulayliklari:
Ariza topshirishda hech qanday qog‘oz hujjat ilova qilish talab etilmaydi. Bazada barcha kerakli ma’lumotlar allaqachon mavjud.
Arizani Davlat xizmatlari markazi, tug‘ruq majmualari yoki uydan chiqmagan holda my.gov.uz portali orqali onlayn yuborish mumkin.
Bolalar 3 yoshdan 6 yoshgacha (maktabga chiqquniga qadar) bog‘chalarga qabul qilinadi.
Eng ajoyib imkoniyatlardan biri - bir vaqtning o‘zida mamlakatimiz hududidagi istalgan 3 tagacha maktabgacha ta’lim tashkilotiga navbatga qo‘yish mumkin. Bu tanlov imkoniyatini va bog‘chaga kirish ehtimolini bir necha barobarga oshiradi.
Navbat keldi, endi nima qilish kerak?
Ota-onalar onlayn navbatini uyda o‘tirib kuzatib boradi. Navbat kelganida esa telefon raqamiga maxsus SMS-xabar keladi.
Xabarda qaysi bog‘chaga navbat kelgani va 5 ta raqamdan iborat maxsus kod ko‘rsatilgan bo‘ladi.
Agar ota-ona taklif qilingan bog‘chani ma’qul ko‘rsa, o‘sha MTT direktoriga uchrashib, telefoniga kelgan 5 xonali kodni aytadi. Bola rasman bog‘cha tarbiyalanuvchisiga aylanadi.
Shunday qilib, shaffoflik, tezkorlik va qulaylik bugungi ta’lim tizimining bosh mezoniga aylandi. Texnologiyalar inson omilini chetga surib, farzandlarimiz kelajagi uchun teng va halol imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Furqat JIYaNOV,
viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini muvofiqlashtirish shu’basi boshlig‘i.