15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni: Baxtli turmush falsafasi

Ushbu sana bahona qishloqlarda yashayotgan opa-singillarimiz hayoti, ularning orzu-maqsadlari haqida maqola yozish niyatida Jomboy tumaniga borganimizda chekka hududdagi Qo‘ng‘irot mahallasida davlat-xususiy sheriklik tamoyili bo‘yicha maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etgan Qumriniso Mamatqulovani tavsiya qilishdi.

Ochig‘i hayron bo‘ldim. Ko‘nglimdan “hozir har bir qishloqda bog‘cha bo‘lsa, ularni asosan xotin-qizlar tashkil etgan-da. Bu opaning ishida nima yangilik bo‘lishi mumkin?”, degan o‘y o‘tdi. Hech bo‘lmaganda, o‘sha olis qishloq ayollari haqida yozamiz, deb Qo‘ng‘irotga yo‘l oldik.

– Samarqand maktabgacha ta’lim bilim yurtini bitirib, 1987 yilda qishlog‘imizdagi bog‘chada ish boshlaganman, – deydi Qumriniso Mamatqulova. – Bu kolxoz dala shiyponida tashkil etilgan mavsumiy bog‘cha bo‘lib, shart-sharoit, imkoniyatlari ham shunga yarasha edi. Hozirgidek tanlash qayoqda – ota-onalar shu bittagina bog‘chaga bolalarini berishga majbur bo‘lardi. Bo‘lmasa uyda kimdir bolaga qarab o‘tirishi kerak. Keyinchalik bu bog‘cha ham goh ochilib, goh yopilib turardi – bu yog‘i hammamizga yaxshi ma’lum. 2016 yildan keyingina maktabgacha ta’limga e’tibor oshdi. Shundan keyin bizning mahallamizda ham ikkita davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, xususiy bog‘chalar ochildi. Davlat tomonidan sohaga e’tibor kuchayib, imkoniyatlar kengaygach, biz ham davlat-xususiy sheriklik tamoyili bo‘yicha bog‘cha ochishga ahd qildik. 2018 yilda 21-davlat maktabgacha ta’lim muassasasi yonida bo‘sh turgan 12 sotix yer maydoni ajratildi. Lekin kredit ajratish ortga surilib ketavergach, 2019 yilda o‘zimiz qurilishni boshladik va uch yil deganda binoni qurib bitkazib, jihozladik. O‘tgan yil rasman faoliyat boshladik va 100 nafar mahallamiz bolalari shu yerda ta’lim-tarbiya olmoqda. Tarbiyalanuvchilarga ingliz, rus tili o‘rgatiladi, badiiy gimnastika to‘garagimiz bor.

Qumriniso opa bog‘chasi haqida zavqlanib gapirayotgan paytda hovliga bir bolasini ko‘targan, ikkinchisini yetaklagan juvon kirib keldi.

– Bolalaringni qoldirib, ishingga boraver, keyin o‘zim ering bilan, uydagilaring bilan gaplashaman, hammasi yaxshi bo‘ladi, – dedi opa juvon bilan salom-alik qilib, bolalarini tarbiyachiga topshirgach.

Keyin bizga qarab bu ayolning ro‘zg‘ori tinch emasligi, er-xotinni murosaga keltirishga harakat qilayotganini aytdi. O‘z-o‘zidan suhbatimiz qishloqdagi ayollarning muammolariga, oilalardagi holatga ko‘chdi.

– Qishlog‘imiz yaqinida 1000 gektarlik katta bog‘lar bor, – deydi Qumriniso Mamatqulova. – Mahalladoshlarimiz asosan, o‘sha yerda muhnat qiladi. Kuniga 6-7 avtobus odamni ishga olib borib, keltirib qo‘yishadi. Ishsiz odam yo‘q hisobi. Hammaning o‘z yumushi bor. Bolalar esa bog‘chalarga boradi. Notinch oilalar ko‘p emas, lekin bitta-ikkita bor-da. Mahalla bilan birga ularni murosaga keltirishga harakat qilamiz. Bu oila ham shunday, er-xotin yoshlik qilib yoki ro‘zg‘ordagi ayrim muammolar sabab arazlashib turadi. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatamiz, gohida qattiqroq gapiramiz, ba’zida o‘z hayotimni misol qilib keltiraman. Hayot bir tekis kechmaydi-da, ro‘zg‘orning kam-ko‘sti bo‘ladi. Shunday paytda er-xotin bir-biriga suyanishi kerak, ota-ona bolasini erkalatmay, oila muqaddasligini tushuntirishi lozim.

Mana shunday paytlarda o‘zimning boshimdan kechgan bir holat yodimga tushadi. Buni ko‘p yoshlarga aytib berganman. Hayot ekan-da, bir safar er-xotin gap talashib, bolalarimni oldimu ota-onamnikiga ketib qoldim. Albatta, otamga hech narsa deya olmasdim, dardimni onamga to‘kib soldim. Ichkari uyda o‘tirgan otam hamma gapimni eshitib turgan ekanlar, oldilariga chaqirdilar. Oilada 13 farzand – besh o‘g‘il, sakkiz qiz o‘sganmiz. Hech qachon otamning yuziga tik qaramaganmiz, u kishiga gapimizni onam orqali aytardik, salobatlari bosardi-da. O‘sha paytda ham qo‘rqib, ham ikkilanib otamning yonlariga bordim. Shu payt xonaga yangam bir savat issiq non ko‘tarib kirib keldiyu men bilan otamni ko‘rib, nonlarni qoldirgancha chiqib ketdi. “Bitta nonni sindirchi, qizim”, dedilar otam yerga qarab. Men esa savatdagi nonlarning orqa-oldiga qarab, qip-qizarib pishganini sindirib dasturxonga qo‘ydim.

– Nega bu nonni sindirding? –  dedilar otam ushatilgan nonning bir bo‘lagini olib.

Eng yaxshi, chiroyli pishgani uchun shu nonni sindirganimni aytdim.

– Ha, barakalla, qizim. Hayot ham tandirga, inson nonga o‘xshaydi. Hayotning issig‘iga, cho‘g‘iga chidasang, pishasan, ko‘pchilikning ko‘ziga yaxshi ko‘rinasan. Chidamasang, tandirning taftiga dosh berolmagan non tushib ketib, kulga belangani kabi hech kimga keraksiz bo‘lasan, – dedilar otam va boshqa gap aytmadilar.

O‘sha zahoti uyga qaytib keldim. Mana shu gaplari men uchun umrga saboq bo‘ldi.

Biz hayotning yana bir sinoviga duch kelganmiz. To‘ng‘ich farzandim – o‘g‘lim ko‘zida nuqson bilan tug‘ildi. Yaxshi ko‘rmasdi. Shuning uchun zaif ko‘ruvchi bolalar maktab-internatiga bergandik. Davo istab, ko‘p joyga olib bordik, turli shifoxonalarga yotqizdik. Keyin xorijlik mutaxassislar yurtimizga kelib, shunday xastalikka chalingan bolalarni operatsiya qilayotgani haqida eshitdik va najot izlab bordik. Operatsiya katta pul turar ekan. Bizda esa unaqa pul yo‘q. Yordam berishlarini so‘rab tuman hokimligiga bordik. Rahbarlar to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatdi, yerimiz bor edi, kredit olib, 2003 yilda bolamning bitta ko‘zini operatsiya qildirdik, ko‘ra boshladi. Oradan uch yil o‘tib ikkinchi ko‘zini ham davoladik. Allohga shukr, ana shu o‘g‘lim hozir Samarqand davlat universitetida ishlaydi, yaqinda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi.

Biz oilamiz bilan faqat halol mehnat qilib, yaxshi niyatlar bilan yashab, orzu-umidlarimizga erishib kelyapmiz. Men ham, turmush o‘rtog‘im ham o‘qigan bo‘lsak-da, dalada mehnat qilib, ro‘zg‘orimizni butlaganmiz. O‘n gektar bog‘imiz bo‘lardi. Daraxtlar kichikligida qator orasiga sabzavot ekib, daromad qilardik. Vaqti kelganda men novvoylik bilan, xo‘jayinim taksichilik qilib ro‘zg‘orni butlaganmiz. Bolalarimizni ham mehnatga o‘rgatganmiz. Hozir ham hovlimizda besh sotixli issiqxonada limon va turli sabzavotlar yetishtiramiz. Chorvamiz, 30-40 ta tovug‘imiz bor. Hovuzimizda baliq yetishtiramiz.

Xudoga shukr, besh farzandimning barchasini o‘qitdik, keyin uch kelinimni ham oliy ma’lumotli qildik. O‘g‘illarim o‘z kasb-kori bilan birga tadbirkorlik qiladi. Topgani o‘rtada. Shuning ortidan mana shu bog‘chani qurdik, boshqa orzu-havaslarimizga yetyapmiz.

Ayrimlar menga bolalaringizni uyli-joyli qilgansiz, hech kamingiz yo‘q, endi maza qilib yashasangiz bo‘lmaydimi, deydi. Men o‘g‘lim yorug‘ dunyoni ko‘ra boshlagach va hayotning yana ko‘p sinovlaridan o‘tganimda xudo menga qancha umr bersa, mehnatdan qochmayman, odamlarga yaxshilik qilaman, qishlog‘imni obod qilishga hissa qo‘shaman, deb niyat qilganman. Ana shunday niyatlarimdan biri mahallamiz xotin-qizlari uchun fitnes-klub ochish, keyin tumanimizda xususiy maktab tashkil etish maqsadimiz ham bor.

Qumriniso Mamatqulovani mahallasida bog‘cha ochgan qishloq ayoli deb bilib, uning bu boradagi faoliyatini yoritmoqchi edik. U bilan suhbatlashib, faoliyati bilan tanishib, yana bir shijoatli, oilasi va yaqinlariga butun borlig‘ini bag‘ishlagan, mahallasining fidoyi ayolni kashf etdik, nazarimizda.

Ha, yana bir gap. Jomboyning ana shu olis bir mahallasida – Qo‘ng‘irotda bugungi kunda ikkita davlat, bitta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, shuningdek, beshta uy-bog‘cha bor ekan. Bu muassasalarda 400 nafardan ortiq bolajonlar ta’lim-tarbiya olmoqda.

G‘olib HASANOV,

Alisher ISROILOV (surat).