2024 yilda viloyatda bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrovi oshiriladi
Joriy yilda viloyatda 3-7 yoshli bolalar qamrovi 70,6 foizdan 71,6 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun 8 ta davlat, 5 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 325 ta oilaviy nodavlat MTTlar tashkil etilib, jami 12 614 ta o‘rin yaratiladi.
Shuningdek, 10 ta to‘liq kunlik tayyorlov guruhlari tashkil etilib, ularga 250 nafar bola qamrab olinadi. Bundan tashqari, 50 ta bir yillik bepul majburiy maktabga tayyorlov guruhlari tuzilib, ularga 971 nafar 6 yoshli bolalar qamrab olinadi.
Homiylik mablag‘lari hisobidan 26 ta bo‘sh guruh xonalarni ta’mirlash hisobiga 580 o‘rinli yangi quvvat yaratish ham ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda viloyat matbuot uyida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi jamoasi va jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Ta’kidlash joizki, 2023 yilda yangidan 14 ta davlat, 8 ta DXSh asosidagi va 342 ta oilaviy nodavlat MTTlar tashkil etilib, qo‘shimcha 11 427 nafar bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi. Investitsiya dasturi asosida jami 113,2 mlrd so‘mlik mablag‘ evaziga 25 ta davlat MTTlarining 4 tasi yangi qurildi va 21 tasi rekonstruksiya qilindi.