Bolani bog‘chaga joylashtirish tartibi qanday?

Bu savolning javobi ko‘pchilik ota-onalarni qiziqtiradi.

- Dastlab, ota-ona o‘zining shaxsini tasdiqlovchi hujjati, ya’ni pasporti va farzandining tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi bilan Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishi kerak, - deydi Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi Shirin Zakriyayeva. - Markaz xodimlari uni navbatga qo‘yadi. Navbat ham ikki xil bo‘ladi. Oddiy navbat va imtiyozli navbat.

Xo‘sh, qaysi fuqarolar imtiyozga ega? Bular:

- 1- va 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari;

- ko‘p bolali oilalarning farzandlari;

- yetim yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;

- "Ayollar daftari"ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning farzandlari;

- kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan harbiylarning va ichki ishlar organlari xodimlarining bolalari;

- talabalar va pedagoglarning farzandlari;

- akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar;

- ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarga o‘tkazilayotgan sog‘aygan bolalar ushbu imtiyozli navbatdan foydalanish huquqiga ega.

Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, farzandini bog‘chaga joylashtirishda yashash hududi muhim ahamiyatga ega emas, ya’ni ota-ona bolasini mamlakatimiz hududidagi istagan maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirishi mumkin. Shuningdek, fuqarolar ko‘p kutib qolishining oldini olish uchun uchta bog‘chaga navbatga qo‘yish imkoniyati ham mavjud, ya’ni qaysi biriga navbat oldinroq yetib kelsa bolani o‘sha bog‘chaga olib borishi mumkin.

Navbati kelganda ota-onaning telefon raqamiga SMS xabari yuboriladi. Avvallari shu SMS xabar borgandan keyin Davlat xizmatlari markaziga kelib, yo‘llanma qog‘ozini olib, keyin bog‘chaga borishi kerak edi. Hozirda esa faqat SMS xabarni olgach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktabgacha ta’lim tashkilotiga murojaat qilsa bo‘ladi.

***

Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.