Samarqandda shunday bog‘cha bor

Xalqimizda "Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqshdir", degan hikmat bor. Bolalikda o‘rgangan odat ham inson ongiga shunday mustahkam o‘rnashib qoladi.

Masalan, ko‘chat ekish, gul o‘tqazish, parvarish qilish, chet tillarini o‘rganish... Biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiya topayotgan bolajonlar ana shunday foydali odatlarni o‘rganishmoqda. Bunda tarbiyachilarning xizmati e’tiborga loyiq.

- Maktabgacha ta’lim tashkilotimiz "Zarafshon" mahallasida joylashgan, - deydi Samarqand shahar 7-MTT mudirasi Ra’no Ergasheva. - 100 nafarga yaqin bolajonga tarbiya beryapmiz. Ularning jismonan va ruhan rivojlanishlari uchun karate va yengil atletika, aqliy salohiyatini oshirish uchun fan va shaxmat-shashka to‘garaklari tashkil etganmiz.

Yurtimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilgan paytda tashkilotimizning jajji bolajonlari turli xil mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini zavq bilan o‘tqazishdi. Bu ularning tabiatga bo‘lgan mehrini oshirishga xizmat qildi.

Muassasada kichkintoylarning chet tillarini o‘rganishga qiziqishini orttirishga qilinayotgan harakatlar ham boshqa bog‘chalarga ibrat qilgulik ekan. Avvalo, bolajonlar uchun rus guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, ota-onalarning istak va talablariga asosan ushbu guruhlarda tanlov asosida ta’lim va tarbiya berilyapti. Ingliz tilini o‘rganishga esa bolajonlar astoydil kirishgan. Bu tilda ular burro gaplashishadi.

- Kelgusi yil fevral oyidan tarbiyachi va fan metodistlari bilan birgalikda koreys tili mukammallashtirilgan holda o‘tiladigan guruh tashkil etishni maqsad qilganmiz, - deydi Ra’no Ergasheva. - Bolajonlarimiz chet tillarni mukammal bilgan holda maktab ostonasiga qadam qo‘ysa, shu bilan birga ota-onani hurmat qilishni, e’zozlashni, tabiatga mehribon bo‘lishni o‘rgansa, bu biz, tarbiyachilarning eng katta yutug‘i bo‘ladi.