Ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalar qanday qabul qilinadi?
Viloyatimizda uchta - Samarqand shahridagi 60-sonli va 78-sonli hamda Kattaqo‘rg‘on shahridagi 10-sonli davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud. Ularda 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 293 nafar rivojlanishda jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan bolalar tarbiyalanmoqda. Bu haqda viloyat Matbuot uyida jurnalist va blogerlar uchun bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Rivojlanishda jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan bolalarni davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha doimiy faoliyat olib boruvchi tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya tashkil etilgan, - dedi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Zayniddin Jo‘rayev. – Mazkur tibbiy psixologik-pedagogik komissiya tomonidan har oyning oxirgi chorshanba kuni o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rik xulosasi asosida davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari bolalarni qabul qiladi.
Ixtisoslashtirilgan bolalar bog‘chalari to‘liq davlat tomonidan ta’minlanadi. Mazkur tashkilotlarda rivojlanishda jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan bolalar bilan korreksion ishlar shifokor, pedagog, defektolog, hamshira va tarbiyachilar hamkorligida tashkil etilgan. Bolalarga 12 soatlik ish tartibida 4 mahal va 24 soatlik guruhlarda esa 5 mahal ovqatlantirish tizimi joriy etilgan.
Ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga eshitishda, ko‘rishda, tayanch-harakat apparatida nuqsonlari bo‘lgan, psixik rivojlanishda kechikayotgan, aqliy zaifligi bo‘lgan tarbiyalanuvchilar qabul qilinadi.