“Aqlvoy” yordam beradimi?
Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilganiga 3 yildan oshdi. Ammo shu uch yil davomida bog‘chalar soni sezilarli ortganiga, ta’lim-tarbiya sifati oshganiga, chekka hududlarda ham zamonaviy bog‘chalar tashkil etilganiga guvoh bo‘ldik.
Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Rahmonov bilan suhbatimiz farzandlarimizni ilk ta’limga qamrab olish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim-tarbiya sifati, bog‘chalarga yo‘llanma olishdagi muammolar haqida bo‘ldi.
- Bugun bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish bo‘yicha davlatimiz tomonidan berilgan imkoniyat va imtiyozlar bog‘chalar sonini so‘nggi yillarda ko‘payishiga zamin yaratdi, - deydi Sh.Rahmonov. – Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olishga alohida ahamiyat berildi. Jumladan, respublika bo‘yicha kelgusi yil yakuni bilan maktabgacha ta’lim qamrovini 65 foizga, 2023 yil oxirida esa 75 foizga yetkazish alohida ta’kidlandi.
2020 yilda viloyatimizdagi 3-7 yoshdagi 337121 nafar bollarning 212 229 nafari, ya’ni 63 foizini bog‘chalarga qamrab olgan bo‘lsak, 2021 yilda 70 foizga yetkazishni oldimizga vazifa qilganmiz. Bu bo‘yicha yo‘l xaritasi tuzib, besh yo‘nalishda ishlarni olib borishni belgilab oldik.
Birinchi yo‘nalishimiz bo‘sh turgan binolarni investitsiya dasturi doirasida ta’mirlash hisobiga 16 ta (1555 nafar), ikkinchi yo‘nalishimiz davlat-xususiy sheriklikda 6 ta, 400 ta oilaviy va 15 ta xususiy bog‘chalarni qurish (12605 nafar), uchinchi yo‘nalishimiz 59 ta qisqa muddatli guruhlarni tashkil etish hamda bog‘chalarimizdagi bo‘sh turgan 105 ta guruhlarni ta’mirlash orqali 5000 ga yaqin bolalarni bog‘chaga qamrab olishni rejalashtirganmiz.
To‘rtinchi yo‘nalishimiz 2021 yilda maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan qo‘shimcha 327 ta guruhlarga 9800 nafar 6 yoshli bolalar qamrab olishdan iborat.
Shu bilan birga imkoniyati cheklangan bolalarning uyda ta’lim olishini tashkil etish bo‘yicha ham tizimli ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
- Bugun bog‘chalarimizdagi ta’lim-tarbiya sifatini qanday baholaysiz?
- To‘g‘risi, bog‘chalardagi ta’lim-tarbiya talabga javob beradi, deb aytolmayman. Ammo chekka hududlardagi MTTdagi mashg‘ulotlarni kuzatib, bir qadar xursand bo‘laman. O‘zgarishlar bor. Yashirmayman, bizda asosiy masalalardan biri bog‘chalarda ta’lim-tarbiya jarayonini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish. Buning uchun respublikamizda, viloyatimizda ko‘p ishlar amalga oshirilyapti. Bugun 8 mingdan ko‘proq tarbiyachilar tizimda faoliyat yuritsa, ularning 34 foizi oliy ma’lumotli. Bog‘chalarimizda oliy ma’lumotli pedagoglarga ehtiyojimiz bor. Birinchi navbatda kadrlar masalasiga e’tibor berishimiz lozim. 2021 yilda Samarqand davlat universitetining maktabgacha ta’lim yo‘nalishini 103 nafar talaba bitiryapti. Bu yil ular birinchi qaldirg‘ochlar. Ularni ish bilan ta’minlash, joylardagi mutaxassislarni qayta tayyorlovdan o‘tkazish hamda turli seminarlar tashkil etish orqali ta’lim-tarbiya sifatini oshirishga erishyapmiz.
Oxirgi bir yilda 100 mingdan ortiq tarqatma materiallar maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yetkazib berildi, misol uchun yaqinda ham maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan 13 turdagi o‘yinchoqlar va didaktik o‘quv qurollari har bir bog‘chaga yetkazib berildi. Asosiy masala - ulardan unumli foydalanish.
- Bog‘chalarga yo‘llanma olish inson omilisiz amalga oshirilayapti. Bu ayrim ota-onalarga qiyinchilik tug‘dirayotgani qulog‘imizga chalinadi. Hatto, bir yoshdan farzandini bog‘chalarga navbatga qo‘yayotganlar ham ko‘p...
- 2018 yil apreldan boshlab bog‘chalarga yo‘llanma olish davlat xizmatlari markazi tomonidan amalga oshirilmoqda. To‘g‘ri boshida bu bir qator muammolarni keltirib chiqardi. Ammo asosiy e’tibor farzandlarimizning sifatli ta’lim-tarbiya olishiga qaratilgandi. Menimcha, bunga erishdik ham. Hozir ota-onalar yoxud ularga tenglashtirilgan shaxslar yo‘llanmalarni onlayn olish imkoniyatiga ega. Navbatlarni esa yuqorida aytganimdek yangi bog‘chalarni barpo etish evaziga kamaytirishga harakat qilyapmiz. Eng ko‘p murojaat ham farzandini bog‘chalarga borishini istayotgan ota-onalardan. Biz buni to‘g‘ri tushunamiz. Viloyatimizda 400 dan ortiq mahallalarda davlat bog‘chalari yo‘q. Asosiy muammolardan biri ham joriy yilda mana shu mahallalarda oilaviy bog‘chalarni tashkil etish orqali bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish.
- Ikki yil oldin Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish maqsadida autsorsing tizimi joriy etilgandi. Xo‘sh, bu o‘zini oqladimi?
- Autsorsing tizimi qaysidir ma’noda o‘zini oqladi. Chunki maktabgacha ta’lim tashkiloti faqatgina ta’lim-tarbiya berish bilan shug‘ullanishi kerak, degan masalani birinchi o‘ringa qo‘ygandik. Endi maktabgacha ta’lim vazirligining qarori bilan bosqichma-bosqich boshqa tumanlarda ham joriy etiladi. Autsorser tashkilotlar tanlov asosida qabul qilinib, belgilangan tartibda bog‘chalar bilan hamkorlik qiladi. Bolalarning sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish maqsadida tadbirkor o‘zining fermer xo‘jaligiga, non sexiga ega bo‘lishi talab etiladi. Chunki tadbirkorning boshqa tashkilotlardan mahsulotlarni olishi sifatga ta’sir qilishi mumkin...
Viloyatimizdagi bolalar qamrovi past hududlarni “Aqlvoy” deb nomlangan jihozlangan avtobuslar bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz. O‘tgan yili viloyatimizning Urgut tumanida bu loyiha bo‘yicha ishlarni amalga oshirgan edik. Endi Past Darg‘om, Nurobod va Qo‘shrabot tumanlarining eng chekka qishloqlarini mana shunday avtobuslar bilan ta’minlaymiz.
Nasiba Jonto‘rayeva.