Bolalar taomnomasi: Bog‘chada tarbiyalanayotganlar sog‘lom ovqatlantirilyaptimi?
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar taomnomasi qanday tuziladi?Bolalar bog‘chada qanday mahsulotlar iste’mol qiladi? Ushbu savollarga javob topish maqsadida Ishtixon tumanidagi ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘ldik.
- Bog‘chamizda 75 nafar bola tarbiyalanyapti, - dedi «Umid g‘unchalari» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ta’sischisi Shahnoza Usmonova. – Nonushtaga sutli osh yoki kasha, choy, pechene beramiz. Tushlikka birinchi suyuq ovqat, ikkinchisiga quyuq ovqat, shuningdek, non, salat, qatiq, meva beriladi. Ikkinchi tushlikka choy, bulochka yoki pechene tortiladi.
Bog‘cha 2019 yilda davlat xususiy-sheriklik asosida ochilgan. Oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun yetarli joy bo‘lmagani bois tez buziladigan mahsulotlar har kuni sotib olinadi. Sh.Usmonovaning aytishicha, bog‘cha taomnomasini o‘zlari mustaqil tuzadi, ammo u kunlik taomlar ro‘yxatini ko‘rsata olmadi. Kunlik tayyorlanadigan taom turlari va bir tarbiyalanuvchi uchun taom miqdori yozib qo‘yilmagan. Bundan tashqari, ballonli gazni oshxonaning ichiga qo‘ygan holda, xavfsizlik qoidalariga amal qilmasdan foydalanilmoqda.
Tumandagi 10-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 10 kunlik taomnoma kelishilgan holda oldindan tuzilar ekan. Bog‘chada oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash xonalari va muzlatkichlar yetarli. Shuning uchun muddati tez buziladigan mahsulotlar har uch kunda olib kelinadi. Bog‘chada 240 nafar bolaga tushlik uchun 15 kilogram go‘shtdan no‘xatli sho‘rva va sabzavotli dimlama tayyorlanmoqda.
- Bugun kechki payt bolalarga yarimtadan tuxum, shirin choy va non beriladi. Shuning uchun ovqatga go‘sht kamroq solindi. Boshqa paytlar tushlikka 16-17 kilogram go‘sht solinadi, - dedi bog‘cha hamshirasi Nigora Murodova.
Bog‘cha mas’ullari bizga bir kunlik taomnomani ko‘rsatishdi. Unda 15 kilogram go‘sht har bir bolaga 80 gramdan tushishi yozilgan. Ammo bizning hisobimizda 15 kilogram go‘sht 240 nafar bolaga 62,5 gramdan to‘g‘ri keldi. Taomnomada umumiy summa, kunlik tayyorlanadigan taom turlari va bir tarbiyalanuvchi uchun taom miqdori ham yozilmagan.
Tumandagi “Happi children” nomli oilaviy bog‘chada birinchi nonushta, ikkinchi nonushta, tushlik va ikkinchi tushlik berilarkan. Biz ikkinchi nonushtaga tayyorgarlik jarayoni ustidan chiqdik. Ota-onalarning iltimosiga ko‘ra, ikkinchi nonushtaga bolalarga olma berilyapti. Banan, mandarin kabi allergiya qo‘zg‘atuvchi mevalardan voz kechilibdi. Bu bog‘chada ham oziq-ovqat mahsulotlari har kuni sotib olinadi. Bolalarning har kunlik ovqati telegramdagi ota-onalar guruhiga tashlanadi.
Oilaviy bog‘cha mas’uli ham bizga kunlik taomnomani ko‘rsata olmadi.
Metan shaharchasidagi «Sehrli dunyo fayz» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘tgan yili qurilib, foydalanishga topshirilgan. Bog‘chada bolalarning ovqatlanishi uchun alohida oshxona mavjud.
- Nonushtaga guruchli kasha, non, sariyog‘, choy beriladi, - dedi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Bahora Hojiboyeva. – Tushlikka suyuq, quyuq ikki xil ovqat, salat, qatiq, choy, ikkinchi tushlikka bulochka, choy yoki pechene, meva sharbati beramiz.
Bizga taqdim etilgan kunlik taomnomada sana yozilmagan, unga hamshira imzo qo‘ygan, xolos. Ombor mudiri va oshpazning imzosi yo‘q. Taomnomada umumiy summa ko‘rsatilmagan.
Aslida tartib qanday bo‘lishi kerak?
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 iyuldagi «Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori hamda mazkur qarorga ilova qilingan nizomga asosan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni sog‘lom ovqatlantirish tartib-qoidalari belgilangan.
Unga ko‘ra, kunlik taomnomalar vazirlik tomonidan tuzilib, tasdiqlangan hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan kelishilgan namunaviy, mavsumiy taomnomalar asosida tuziladi. Taomnoma joriy kundagi tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqib, keyingi ish kuni uchun hamshira tomonidan maktabgacha ta’lim tashkiloti oshpazi va xo‘jalik mudiri ishtirokida tuzilishi ko‘rsatilgan. Vaholanki, bugun oilaviy bog‘chalarda hamshira shtatining o‘zi yo‘q. Ishtixon tumanida 250 ta oilaviy bolalar bog‘chasi bo‘lsa, ularning hech birida hamshira shtati mavjud emas.
Kunlik tayyorlanadigan taom turlari va bir tarbiyalanuvchi uchun taom miqdori maxsus ovqat tarqatish joyiga yozib qo‘yilishi ham mazkur qarorda ko‘rsatilgan. Shunisi qiziqki, maktabgacha ta’lim tashkilotlari mas’ullarining bunday tartibdan xabari yo‘q.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, tuman bo‘limlari ta’minotchi bilan shartnoma tuzgan bo‘lib, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga oziq-ovqat mahsulotlari ta’minotchi tomonidan tarqatiladi, bog‘cha mas’ullari oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olmaydi. Ammo yuqorida nomlari keltirilgan bog‘chalarda oziq-ovqat mahsulotlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari tomonidan sotib olinyapti.Demak, bunday tartib Ishtixon tumaniga hali yetib bormagan.
Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim tashkilotida oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar sifatini o‘rganish bo‘yicha brakeraj (mahsulot sifatiga qarovchi) komissiya bo‘lishi kerak. Ushbu komissiya raisi maktabgacha ta’lim tashkiloti hamshirasi bo‘lib, uning tarkibiga tarbiyachi, oshpaz, tashkilot kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi va tarbiyalanuvchilarning ota-onalaridan vakillar kiritiladi. Ular bog‘chaga keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanayotgan taomlar sifatini doimiy ravishda o‘rganib boradi. O‘rganish natijalari alohida daftarlarda qayd etiladi. Xullas, qarorda tarbiyalanuvchilarni sog‘lom ovqatlantirish bo‘yicha barcha ko‘rsatmalar berilgan.
Bugun maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qamrovni oshirishga izchil kirishilgan bir paytda tarbiyalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishning pastligi kishini taajjublantiradi.
Xurshida Ernazarova.