Bolani bog‘chaga joylashtirish avtomatik tarzda amalga oshiriladi, faqat navbatlarning kelishida imtiyozli ro‘yxatdagilar ustunlikka ega
14 noyabr kuni telegram kanalimizda “Bolani bog‘chaga joylashtirish navbati 7 oyda ham kelmaydimi?” sarlavhali murojaat e’lon qilindi.
Ushbu murojaat yuzasidan viloyat adliya hamda maktabgacha ta’lim boshqarmalaridan javob xati keldi.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi ushbu murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilgan:
“Fuqaro 2022 yil 20 aprel kuni 2019 yilda tug‘ilgan farzandini Samarqand shahridagi 35- hamda 36-maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish uchun navbatga qo‘yilishini so‘rab, ariza bergan. Ayni paytda fuqaroning farzandi 35-MTM bo‘yicha 131-umumiy navbatda, 36-MTM bo‘yicha 129-umumiy navbatda turibdi. Umumiy navbatda turganlar soni 35-MTM da 519 nafar, 36-MTM da 303 nafarni tashkil qilmoqda. Shundan 35-MTM da 129 nafar hamda 36-MTMda 242 nafar bola imtiyozlilar ro‘yxatiga kiradi. Fuqaroning farzandi esa umumiy, ya’ni imtiyozsiz ro‘yxatda. Belgilangan reglamentga asosan, navbatlarning kelishida imtiyozli ro‘yxatdagilar ustunlikka ega.
Bunda esa vakolatli organ maktabgacha ta’lim tizimidir. Navbatlar Davlat xizmatlari markazlari orqali emas, aynan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tomonidan mavjud bo‘shagan kvotalar bo‘yicha shakllantirilishi ma’lum qilinadi. Unutmang, bolani bog‘chaga joylashtirish bilan bog‘liq har bir ariza maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimiga kiritiladi. Mazkur xizmat Davlat xizmatlari markazlari tomonidan mutlaqo bepul ko‘rsatiladi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi 87-sonli farmoniga muvofiq, joriy yil 1 aprelidan boshlab, to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni pullik xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilish tartibi belgilangan. Agar fuqaro ma’qul topsa, shu imkoniyatdan ham foydalanishi mumkin. Shuningdek, tegishli tartibda maktabgacha ta’lim bo‘limi, MTT rahbariyatiga murojaat qilish huquqiga ega.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi 244-sonli qarori bilan tasdiqlangan reglamentga ko‘ra, imtiyozli ro‘yxatga:
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari;
- ko‘p bolali oilalarning bolalari;
- yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
- “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning farzandlari;
- kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning va ichki ishlar organlari xodimlarining bolalari;
- talabalar va pedagoglarning bolalari;
- akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar;
- ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha tashkilotlarga o‘tkazilayotgan sog‘aygan bolalar kiradi”.
***
Murojaat yuzasidan viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborot xizmati javobi quyidagicha bo‘ldi:
“Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi “Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga bolaning yoshiga to‘g‘ri keladigan guruhda bo‘sh o‘rin bo‘lsa yo‘llanmalar navbat bilan avtomatik tarzda shakllanadi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida asosan 6-7 yoshli maktabga tayyorlov guruhlaridagi bolalarning maktablarga qabul qilinishi jarayonida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘ladi.
Murojaatda keltirilgan Samarqand shahridagi 36-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida jami 7 ta guruh mavjud bo‘lib, 1 ta 3-4 yoshli kichik guruh, 3 ta 4-5 yoshli o‘rta guruh, 2 ta 5-6 yoshli katta guruh va 1 ta 6-7 yoshli maktabga tayyorlov guruhlari faoliyat yuritmoqda, bugungi kunda bo‘sh o‘rinlar mavjud emas.
Bolaning yoshiga mos guruhlardagi bo‘sh o‘rinlar soniga qarab imtiyozli ro‘yxatdan bitta, umumiy ro‘yxatdan bitta so‘rovnomaga navbatma-navbat yo‘llanmalar shakllantiriladi. Bog‘chada imtiyozli navbatdagilar 242 tani, umumiy navbatdagilar 277 tani tashkil etadi. Murojaatda keltirilgan fuqaroning farzandi 129-umumiy navbatda turibdi.
Belgilangan reglamentga ko‘ra, bir vaqtda uchtagacha bog‘chaga bolani navbatga qo‘yish mumkin. Shuningdek, fuqaro farzandining navbati kelguniga qadar yashash joyi yoki ish joyiga yaqin va bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lgan boshqa davlat yoki oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ariza berish imkoniyati mavjud”.