5 ta tumanda davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurayotgan tadbirkorlar kredit mablag‘larini talon-toroj qilayotgani ma’lum qilindi
Bu haqda viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi mutasaddilari ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning fevral holatiga quvvati 14 ming o‘rinli 127 ta davlat-xususiy sheriklik asosida va 88 ming o‘rinli 2657 ta oilaviy shaklda, jami 2 784 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalar faoliyat olib bormoqda. Viloyatda barcha turdagi MTTlarga qamrab olingan jami 242 ming 93 nafar bolalarning 91 ming 48 nafari (38 foiz) davlat-xususiy sheriklik asosidagi hamda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
2022 yilda 403 ta, shundan 1738 o‘rinli 15 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 15 ming 490 o‘rinli 388 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilgan. Tashkil etilgan 15 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi MTTlarning umumiy loyiha qiymati 23,2 milliard so‘m bo‘lib, shundan 15,2 milliard so‘mi imtiyozli kredit, 8 milliard tadbirkorlarning o‘z mablag‘i hisobidan faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
- Viloyatda 2018-2022 yillar davomida 3027 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilgan, biroq 2624 tasi faoliyat olib bormoqda, - deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Mamirov. – 2021 yilda 97 ta, 2022 yilda 283 ta bitim tadbirkorlar bilan bekor qilingan. Qolgan 23 ta bitim tadbirkorlarning arizasiga asosan qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi sababli vaqtincha faoliyati to‘xtatilgan. Buning sababi shundaki, 2018-2021 yillar davomida tashkil etilgan aksariyat oilaviy bog‘chalarda yetarli shart-sharoitlar, pedagoglarning sifat tarkibi hamda umumiy qilib olganda, infrastrukturasi belgilangan me’yorlarga javob bermasligi oqibatida tadbirkorlarning o‘z arizalariga asosan ular bilan bitim bekor qilindi. Shuningdek, sohada qonunbuzilish holati va talon-tarojlikka yo‘l qo‘ygan 40 ga yaqin MTT direktorlari bilan mehnat shartnomasi bekor qilinib 100 nafarga yaqin xodimga intizomiy jazo chorasi ko‘rildi.
Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosidagi MTTlari tashkil etishda ayrim tadbirkorlar kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari va davlat-xususiy sheriklik asosida qurilayotgan binolarini o‘z vaqtida topshirmaslik holatlari ham kuzatilmoqda.
Jumladan, tadbirkorlar tomonidan Oqdaryo tumanida 3 ta loyiha - “Bibixonim Mehribon ona”, “Loyish yulduzchalari”, “Kinder garden White Riwer”, Bulung‘ur tumanida “Pusad”, Qo‘shrabot tumanida “Jo‘sh qaldirg‘ochlari”, Past Darg‘om tumanida “Mehringiyor g‘unchalari” hozirgi nomi o‘zgartirilgan “Mahalla kichkintoylari”, Urgut tumanida “Uch og‘ayni” nomli davlat-xususiy sheriklik asosida MTTlarni qurish uchun imtiyozli kreditlar ajratilgan. Ammo tadbirkorlar qurilish ishlariga noqonuniy o‘zgartirishlar kiritgan yoki kreditlarni o‘zlashtirib, bugungi kunga qadar bog‘chalarni foydalanishga topshirmagan.