Samarqandda fon monitoring stansiyalari o‘rnatilmoqda

Viloyatda atmosfera havosini muhofaza qilish, sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarini doimiy nazorat qilish maqsadida fon monitoring stansiyalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Bu borada Prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasi qarorlari talablaridan kelib chiqib, atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan korxonalarda avtomatik va fon monitoring stansiyalarini o‘rnatish belgilangan.

Joriy yilning 30 sentyabr kuni viloyatdagi to‘rtta korxona — “AZIYA METALL PROF” MChJ QK, “Komfort-Kolor” MChJ, “AFRASIYOB PARRANDA” MChJ hamda “Edial Shagal” MChJ hududlarida zamonaviy fon monitoring stansiyalari o‘rnatildi.
Mazkur qurilmalar atmosfera havosi holatini muntazam kuzatib borish, havoga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini nazorat qilish hamda ekologik vaziyat bo‘yicha tezkor va ishonchli ma’lumotlarni shakllantirish imkonini beradi.

Bu kabi tizimli chora-tadbirlar sanoat korxonalarining ekologik mas’uliyatini oshirish, atmosfera havosiga salbiy ta’sirni kamaytirish va hududda ekologik nazorat samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Viloyat Ekologiya bosh boshqarmasi matbuot xizmati