2021 yilda viloyatimizda nechta bog‘cha quriladi?
Bu haqda viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasida ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov joriy yilda viloyatimizda investitsiya, xususiy sektorlar tomonidan qurilishi rejalashtirilgan davlat, davlat-xususiy sheriklik asosidagi, oilaviy va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ularga viloyatimizdagi 3-7 yoshli bolalarni 70 foizi qamrab olinishi rejalashtirilayotgani, bog‘chalardagi ta’lim-tarbiya sifatida haqida axborot berdi.
- O‘tgan 3 yil davomida viloyatimizda quvvati 9300 o‘rinli 102 ta davlat-xususiy sheriklik asosida, quvvati 38 ming o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, - deydi Sh.Rahmonov. - Shu bilan birga investitsiya dasturi asosida 6 ta yangi qurilish, 116 ta rekonstruksiya, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 13 ta yangi qurilish, 26 ta rekonstruksiya va 18 ta mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi. 17 ta bo‘sh turgan boshqa vazirlik va idoralar balansidagi ijtimoiy soha ob’yektlari maktabgacha ta’lim tizimi tasarrufiga o‘tkazilib, 1980 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etildi.
Joriy yilda asosan bog‘chalar yo‘q bo‘lgan olis hududlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurishni rejalashtirganmiz. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, bugungi kunda 180 ta olis va chekka mahallalarda umuman bog‘cha yo‘q. 456 mahallada davlat bog‘chalari faoliyat yuritmaydi. Jumladan, Urgut, Past Darg‘om, Samarqand, Paxtachi, Ishtixon tumanlarining 10 dan ziyod mahallalarida davlat bog‘chalari mavjud emas. Shu maqsadda 2021 yilda Investitsiya dasturi doirasida davlat MTTlari bo‘lmagan mahallalarda 16 ta ob’yekt rekonstruksiya qilinadi.
Urgut tumanining Vag‘ashti, Chep va Kamongaron mahallalarida necha yillardan beri davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yo‘q edi. Joriy yilning ikkinchi choragida bu yerda ham yangi davlat bog‘chalari foydalanishga topshiriladi.
Shuningdek, tadbirda 10 ming quvvatga ega 400 ta oilaviy, 1055 o‘rinli 10 ta davlat-xususiy sheriklik asosida hamda 1550 o‘rinli xususiy bog‘chalar qurilishi rejalashtirilayotgani aytib o‘tildi.
N.JONTO‘RAYeVA.
Z.Boltayeva foto.