“Dinamo” Vadim Abramov bilan shartnomani uzaytirdi

Jamoani tark etgan futbolchilar o‘rniga yangilari jalb qilinmoqda

Viloyatimizning “Dinamo” futbol jamoasi 2024 yilgi Superliga mavsumida 26 uchrashuvda 32 ochko to‘plab, turnir jadvalida 8-o‘rindan joy oldi va mazkur ligada joriy yilgi mavsumda ham yurishini davom ettiradigan bo‘ldi.

Superliganing yangi mavsumi oldidan “Dinamo” PFK jamoa tarkibini kuchaytirish maqsadida bir nechta o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda. Jamoa mavsum yakunidan keyin amaldagi shartnomasi yakuniga yetgan bir qator futbolchilar bilan xayrlashdi. Jumladan, Sanjar Shoahmedov, Fransis Narx, Dushan Miyich, Dilshod Rahmatullayev, Humoyunmirzo Iminov, Komil Sharofutdinov va Abubakr Muydinov bilan amaldagi kelishuv yakuniga yetdi. Darvozabonlardan biri Farhod Rahmatov bilan esa amaldagi kelishuv rozilik bilan bekor qilindi. 

Tajribali mutaxassis qo‘l ostida jamoa yaxshi natija ko‘rsatayotgani va futbolchilarning o‘sishi jihatidan muvaffaqiyatli odimlayotganini hisobga olib, klub rahbariyati jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan shartnomani 2026 yilning oxirigacha uzaytirdi.

O‘tgan yillar davomida «Nasaf» jamoasi sharafini himoya qilgan serbiyalik yarim himoyachi Marko Stanoyevich “Dinamo” safiga qabul qilindi. Futbolchi bilan bir yillik shartnoma imzolangan va u jamoaga erkin agent maqomida qo‘shildi. Stanoyevich Superligada 111 o‘yinda 15 ta, Osiyo chempionlar ligasida olti o‘yinda 5 ta golga mualliflik qilgan. 

Ukrainalik legioner Oleksandr Kucherenko ham "Dinamo" jamoasi bilan bir yillik shartnoma imzoladi. Tajribali markaziy himoyachi yakunlangan mavsumning ikkinchi davrasini Bekobodning "Metallurg" klubi safida o‘tkazib, Superligada 13 o‘yinda bitta golga mualliflik qilgandi. U Samarqand jamoasi safiga erkin agent sifatida qo‘shildi. Kucherenko faoliyati davomida Ukrainaning "Veres", "Ingulets", "Volin", Moldovaning "Nistru" va "Veris" klublarida ham harakat qilib, Ukraina Premer-ligasi, Moldova Superligasi va Yevropa ligasida ham o‘yinlar o‘tkazgan.

Shu bilan birga, “Dinamo” mahalliy klublarda to‘p tepgan Sanjar Qodirqulov, Akbar Abdurasulov, Mirjahon Mirahmadov, Edem Nemanovni liga ro‘yxatidan o‘tkazgan bo‘lsa, Anvarjon Hojimirzayev, Bahodir Nasimov, Ulug‘bek Abdullayev kabi tajribali futbolchilar bilan shartnomani uzaytirdi.

«Dinamo» PFK axborot xizmatining ma’lum qilishicha, jamoa kecha, 3 yanvardan Toshkentda Superliga-2025 mavsumiga dastlabki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inni boshladi. Yig‘in doirasida 8 yanvar kuni «Xorazm»ga, 13 yanvarda esa «Bunyodkor»ga qarshi nazorat uchrashuvi o‘tkaziladi. Ushbu yig‘inda jamoa tarkibida yana o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. 

“Dinamo” yanvar oyining ikkinchi qismida esa Birlashgan Arab Amirliklarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inni davom ettirishi rejalashtirilgan.